Tadbirkorlik subyektlariga bir qator imtiyozlar belgilanmoqda

13:57 21 May 2020 Jamiyat
120 0

Maʼlumki, pandemiya davrida butun dunyoda shu jumladan, mamlakatimizda ham barcha sohalarda iqtisodiyot sohasida ayniqsa aholining daromadlarini sezilarli darajada pasayishiga olib keldi. Shu davr ichida barcha sohalarni rivojlantirish, ragʻbatlantirish hamda qoʻllab-quvvatlash, karantin sharoitida aholi va korxonalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari qabul qilinib, biznes sektorlariga koʻplab imtiyoz va preferensiyalar belgilanib kelinmoqda. Shu bilan bir qatorda kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar kelgusi uch oy davomida yer va mol-mulk soligʻidan ozod etilmoqda.

Joriy yilning 18-may kuni koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash, aholi bandligini oshirish, daromadlarini koʻpaytirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab‑quvvatlash maqsadida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab‑quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora‑tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni eʼlon qilindi.

Mazkur farmonga koʻra, kichik tadbirkorlik subyektlari, bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sogʻlomlashtirish muassasalari, shuningdek, yoʻlovchi tashish, maishiy xizmatlar koʻrsatish, binolarni, shu jumladan, banketlar oʻtkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar 2020-yilning 1-iyunidan 1-sentyabrigacha boʻlgan davrda mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilindi. Bu esa pandemiya vaqtida ish faoliyatida daromadlari pasaygan yoki umuman faoliyat olib bormagan kichik tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, kichik tadbirkorlik subyektlariga 2020-yil aprel va may oylari uchun toʻlanishi lozim boʻlgan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi summalari hisobdan chiqarish koʻrinishida davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab‑quvvatlash taqdim etmoqda.

Eng ahamiyatli tomoni, ushbu farmonda tadbirkorlik subyektlariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash boʻyicha 120 kun muddatgacha kechiktirish olish huquqi berilishi hamda mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun joriy yilning 1-mayidan 1-iyuligacha boʻlgan davrda ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytiriladi.

Shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizom talablarini hisobga olgan holda quyidagi foiz xarajatlarini qoplashga kompensatsiya berishni boshlaydi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, pandemiyasi davrida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab‑quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash hamda daromadlarini koʻpaytirish mazkur farmonda ustuvor maqsad qilib belgilangan.

Bahrom Rahmonaliyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?