Tadbirkor va investorlar bilan ochiq uchrashuvlar Surxondaryodan boshlandi

15:14 01 Iyun 2019 Iqtisodiyot
222 0

Said Rahmonov, Ilhom Rahmatov “Xalq soʻzi online”ga xabar qiladi. Bugundan mamlakatimizning barcha hududida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari ish faoliyatini boshladi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov rahbarligidagi birinchi Respublika ishchi guruhi tadbirkor va ishbilarmonlar muammolarini oʻrganishni Surxondaryo viloyatidan boshladi.

Ayni paytda respublikadan tashrif buyurgan tegishli vazirlik va idoralarning 50 dan ziyod vakillari, viloyat mutasaddilari Termiz shahri, Termiz, Angor, Jarqoʻrgʻon va Qumqoʻrgʻon tumanlaridan kelgan tadbirkorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilib, ularning murojaatlari oʻrganilmoqda.

Taʼkidlanishicha, agar ilgari odamlar ijtimoiy yordam soʻrab murojaat qilgan boʻlsa, endilikda ular biznes faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun koʻmak soʻrayapti. Demak, odamlarda boqimandalik kayfiyati yoʻqolib, tadbirkorlik qilishga ishtiyoqi ortmoqda.

Chindan ham, bugungi kunda hududning oʻziga xos xususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan ishbilarmonlar safi oy sayin koʻpaymoqda. Aytaylik, oʻtgan yili viloyatda 2781 ta yangi tadbirkorlik subyekti roʻyxatga olingan boʻlsa, joriy yilning besh oyida ushbu koʻrsatkichga erishilgan.

Uchrashuvda tadbirkorlar oʻzlarini oylab, yillab qiynab kelayotgan masalalarni endi joyida hal etilishiga umid qilishmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?