Tabarruk meros qadri

12:31 13 Sentyabr 2019 Madaniyat
363 0

Bosh omon boʻlsa, doʻppi topiladi, degan naql bor xalqimizda. Ammo bugun koʻpchilik odamlar, ayniqsa, yoshlar milliy bosh kiyimlarga bir qadar eʼtiborsiz munosabatdaki, goʻyo omon boshlarimizga doʻppi topilmayotgandek. Aslida, zamonlar osha avlodlardan-avlodlarga oʻtib, qadriyat darajasiga koʻtarilgan doʻppilarning inson salomatligi va milliy mentalitetimizni namoyon etishda ahamiyati beqiyos.

Olti asrlik haqiqatlar

Xoʻsh, doʻppilar qachondan boshlab eʼzozlanib, xalqimizning milliy kiyimiga aylangan? Tarixiy manbalarda keltirilishicha, ayollarning doʻppisini eslatuvchi ilk bosh kiyimlar XV-XVII asrlarga tegishli Movarounnahr hamda Samarqand miniatyuralarida uchraydi. Demak, doʻppilar qariyb olti asrdan buyon boshimizda.

Ota-bobolarimiz bosh kiyimlarini aziz bilgan. Ular, odatda, kimdir bosib ketmasligi uchun uylarning toʻriga yoki balandroq joyga ilib qoʻyilgan.

— Doʻppilarning nima uchun eʼzozlanishi haqida buvilarimdan turli rivoyatlar eshitganman, — deydi andijonlik doʻppidoʻz-hunarmand Mayramxon Ergaziyeva. — Ularning birida aytilishicha, qadim zamonlarda xalq orasida oʻlat tarqaladi. Odamlar halok boʻla boshlaydi. Yurt podshohi kim ushbu kasallikka davo topsa, boshidan tilla sochishga vaʼda beradi. Kunlar oʻtib, bir moʻysafid ushbu mushkul vazifaning uddasidan chiqqani ovoza boʻladi. Podshoh uni huzuriga chorlaydi va shifo siri nimada ekanini soʻraydi. Moʻysafid javob tariqasida kaftida bir siqim qalampirni koʻrsatadi, yaʼni barcha dardni u garimdori bilan yengayotganini aytadi. Podshoh uning soʻzlaridan hayratga tushib, toki oʻlimga eltuvchi dardni davolagan ekan, men uni boshimda koʻtaraman, deya bosh kiyimining toʻrt yoniga qalampir chizdirishni buyuradi. Ana shu tarzda garimdori shakli tushirilgan bosh kiyimlar xalq orasida keng yoyilgan ekan.

Siri turidan koʻp

Iroqi doʻppi, oqpar, baxmal, laylo, qalampirmunchoq doʻppi... Sanasangiz yigirmadan ziyod turlari bor doʻppilarning. Shu bilan birga, ushbu bosh kiyimlardagi har bir shaklning siri turidan koʻp.

— Doʻppidagi har bir shakl ramziy maʼnoga ega, — deydi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli xattot Habibullo Solih. — Ular baʼzan odamlarning ijtimoiy va maishiy holatidan, zehnu kayfiyatidan xabar beradi. Shuningdek, shakllarda durdona hikmatlar yashirin. Masalan, doʻppilardagi toʻrtlik shaklidagi gumbazlar birdamlikni anglatadi. Munchoqsimon shakllar esa inson toki hayot ekan, hamisha harakatda ekanligini anglatadi. Oq-qora rang esa oyning oʻn beshi qorongʻi boʻlsa, oʻn beshi yorugʻligidan darak. Bundan tashqari, avvallari munchoq atrofidagi yulduzchalar doʻppi egasining nechta farzandi borligidan xabar bergan. Shu bois boʻyi yetgan qizlar yaxshi niyatlar bilan doʻppi tikkan. Nikoh toʻyida kuyov bola boshini doʻppi bezagan. Insonlarning orzu-umidlarini oʻzida mujassam etgani uchun ham bu bosh kiyimlarni xalqimiz nihoyatda qadrlagan.

Nega doʻppi kiyganlarga hayron boʻlib qaraymiz?

Bugun kimningdir boshida doʻppi koʻrib qolsak, koʻnglimizga har xil gaplar keladi. Dafʼatan, yaqin insonlaridan kimdir vafot etdimikan, deya xavotirga tushamiz. Jamiyatda doʻppi kiyib yurgan kishiga nisbatan din sohasi vakili, degan fikr qaror topib bormoqda. Aslida, bu qanchalik toʻgʻri?

— Darhaqiqat, bosh kiyimda yurish sunnatdan, — deydi “Hazrati imom” jome masjidi imom noibi Habibulloh Abdurazzoqov. — Muqaddas islom dinida ibodat amallarini bosh kiyimda ado etish joiz hisoblanadi. Biroq doʻppilarni diniy liboslar safiga qoʻshib qoʻymaslik lozim. U, avvalo, xalqimizning milliy kiyimidir. Shunday ekan, doʻppini kundalik hayotda ham gʻurur bilan kiyib yurish mumkin.

Asosiy xaridorlar — sayyohlar

Mamlakatimizda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlar bois bugun bozorlarimizda, qadimiy shaharlarimiz koʻchalarida milliy liboslar rastalari tashkil qilingan. Ularda qoʻl mehnati mahsuli boʻlgan turli buyumlar, ashyolar, milliy kiyimlar bilan birga, albatta, doʻppilar ham sotilmoqda. Gavjum rastalarda xaridor sifatida, asosan, sayyohlarni uchratasiz.

— Oʻzbek milliy doʻppilarini yaxshi koʻraman va yurtingizga har kelganimda oʻzimga, ayolimga ulardan sotib olaman, — deydi amerikalik Kristofer Ford. — Bu libos, oʻylaymanki, xalqingizning bebaho mulkidir. U jahonda oʻzbek brendi sifatida qabul qilinadi. Shu bois dunyoning qaysi bir davlatiga bormay, kimningdir boshida doʻppi koʻrsam, uning darhol oʻzbekligini yoki Oʻzbekistonda boʻlgan sayyoh ekanligini bilaman.

Qisqasi, doʻppida xosiyat koʻp. Ular mehr nuri qoʻshib tikiladi. Ularda urf-odat va anʼanalarimizning inʼikosi bor. Endi oʻylab koʻring, har tomonlama maʼnaviy hayotimizga daxldor, sogʻligʻimizda ahamiyati beqiyos doʻppilarni bugun nega kam kiyayapmiz?! Xulosa oʻzingizdan.

Yulduz OʻRMONOVA

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?