Suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqaruvchi korxonalar soni ortishi talab qilinadi

16:38 17 Sentyabr 2020 Siyosat
208 0

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida sohaga tejamkor texnologiyalarni joriy etish jadallashdi. Yangiliklar ilgʻor tatbiq etila boshlandi. Innovatsiyalar yuz ochmoqda. Yoʻnalishdagi ishlarni yana-da takomillashtirish yuzasidan qator amaliy choralar ham koʻrilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbari raisligida 16-sentyabr kuni suv xoʻjaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi ham sohadagi ishlarni yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qildi.

Maʼlumki, mintaqamizda suv tanqisligi bilan bogʻliq vaziyat yildan-yilga murakkablashib bormoqda. Masalan, oxirgi 10 yilda yurtimizda suv hajmi 12 foizga, oʻtgan yildagiga nisbatan esa joriy yil 15 foizga kamaygan.

Aytish joiz, tarmoqda paxta va gʻalla yetishtirish uchun sarflanayotgan elektr energiyasi hamda suvni yetkazib berish xarajatlari talay. Xususan, 2,5 million gektar maydonni sugʻorish uchun 5 mingdan ziyod nasos ishlatilib, yiliga 8 milliard kilovatt soat energiya va 2,4 trillion soʻm byudjet mablagʻlari sarflanmoqda. Bir gektar maydonga suvni nasoslar orqali yetkazib berish uchun byudjetdan oʻrtacha 800 ming soʻm xarajat qilinyapti. Egatlab sugʻorish oqibatida yiliga qariyb 5-6 milliard kub metr yëki 20 foiz suv dalada behuda sarflanmoqda. Bu axir ortiqcha isrofgarchilikku! Masalani bartaraf etish zarur. Muammo ildiz otmasligi kerak. Chunonchi ayni sharoitda suvni tejash va hisobini yuritish har doimgidan ham dolzarbdir. Qayd etish kerak, soʻnggi ikki yilda Prezident va hukumatning shu sohaga doir qabul qilingan 11 ta qarori asosida qator imkoniyatilar, hamma sharoitlar yaratib berildi.

Baribir tan olishimiz lozim, bajarilgan ishlar imkoniyat darajasida emas. Masalan, shu paytgacha 285 ming gektar, yaʼni bor-yoʻgʻi 7 foiz yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Viloyatlarda ish bir xil emas. Davlatimiz rahbari qoloq viloyatlar xususida gapirib, koʻplab tumanlarda suv tejovchi birorta ham loyiha tatbiq qilinmaganini achchiq tanqid ostiga oldi. Chindan ham bugungi kunda suv masalasi eng ahamiyatli masalaga aylanib ulgurgani bois mazkur texnologiyalarni imkon qadar koʻpaytirish zarur.

Oʻz-oʻzidan suv tejovchi texnologiyalar qamrovining kengayishi ularni ishlab chiqarishga boʻlgan talabning ortishiga sabab boʻladi. Ammo mamlakatimizda bunday korxonalar soni atigi 13 ta. Tabiiyki ularning quvvati kelgusi yil ehtiyojining yarmini qoplashga ham yetmaydi. Shu bois ham viloyatlarda suv tejovchi texnologiyalar uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etishni koʻpaytirish kerak.

Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan mulohazalar, albatta, oʻrinli. Soha vakili sifatida belgilangan vazifalarga jiddiy va katta masʼuliyat bilan yondashishimiz kerak.

Barnoxon MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?