Surxondaryoda 17 nafar uddaburon “tadbirkor”ning tovar moddiy boyliklari vaqtincha olib qoʻyildi

15:33 12 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
445 0
Foto: DSQ

Yurtimizda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish va qulay raqobatdosh muhitni yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Eng avvalo, tadbirkorlarning huquq va manfaatlari qonun bilan himoyalanib, imkoniyatlar koʻlami tobora kengaymoqda.

Ammo berilayotgan imtiyozlar va yengilliklarga qaramay, noqonuniy tarzda tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan shaxslar ham yoʻq emas.

Surxondaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi va hududiy davlat soliq inspeksiyalari xodimlari tomonidan oktyabr oyining birinchi oʻn kunligida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan 17 nafar jismoniy shaxslarning 79 mln. 214 ming soʻmlik tovar moddiy boyliklari daliliy ashyo sifatida vaqtincha olib qoʻyildi.

Foto: DSQ

Jumladan, Shoʻrchi tumanidagi Shakarkoʻl masʼuliyati cheklangan jamiyati savdo doʻkonida oʻtkazilgan nazorat tadbirida J. T. hech qanday hujjatlarsiz faoliyat yuritib, 41 mln. 970 ming soʻmlik nooziq-ovqat mahsulotlarini savdoga qoʻyganligi aniqlandi.

Bu haqda Surxondaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻi A. Karimov tomonidan maʼlum qilindi.

Shuni unutmaslik kerakki, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan fuqarolarning huquq va manfaatlari qonun himoyasida. Noqonuniy tarzda oʻz biznesini yoʻlga qoʻyayotgan uddaburon “tadbirkorlar” esa qonun oldida javob berishlariga toʻgʻri keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?