Surxondaryo hokimi viloyat aholisiga murojaat bilan chiqdi

19:00 19 Mart 2020 Jamiyat
1536 0

“Xalq so`zi ONLINE”

Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov mahalliy televideniye orqali chiqish qilib, aholiga koronavirus pandemiyasidan ortiqcha sarosimaga tushmaslikka, bu kasallikka qarshi kurashish uchun zarur chora-tadbirlar belgilangani haqida maʼlum qildi.

“Maʼlumki, 15-mart kuni Bosh vazir tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida bu virusga qarshi mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, joriy holat, izolyatsiyaga olingan shaxslar va aniq rejalar haqida batafsil maʼlumotlar taqdim qilindi.

Mamlakat miqyosida karantin joriy etilib, ommaviy tadbirlar bekor qilindi, qoʻshni davlatlar bilan chegaralar yopildi.

Shundan kelib chiqib, viloyatimizda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, 16-mart kuni viloyat hokimligida va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasida tegishli boshqarma, korxona va tashkilotlarning masʼul xodimlaridan iborat amalga oshirilayotgan chora tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi doimiy ishlovchi shtab faoliyati tashkil etildi.

Viloyatdagi barcha yoʻlovchi tashuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida infeksiya tarqalishini oldini olish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan yigʻilish oʻtkazilib, barcha yoʻlovchi tashuvchi korxonalarga dezinfeksiya ishlari bilan shugʻullanuvchi korxonalar biriktirilib, har kuni ikki marotaba jamoat transportlarini dezinfeksiya qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Ayni paytda viloyatdagi yuqumli kasalliklar shifoxonalarida 155 oʻrin hamda kerakli dori-darmon vositalari tayyorlab qoʻyilgan. Shuningdek, xorijdan qaytib keladigan fuqarolar uchun 250 oʻrinli observatsiya karantin oʻrinlari shakllantirildi. Ushbu muassasalarda 13 turdagi sanitariya va gigiyenik vositalar jamlanmasi mavjud.

Eng muhimi, aholi oʻrtasida ortiqcha vahima uygʻotmaslik, bozorlardagi narx-navoning sunʼiy oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida bozorlar va savdo komplekslarda savdo yarmarkalar tashkil etildi, oziq-ovqat zaxiralari yetarli shakllantirildi.

Shuningdek, soliq va departament idoralari xodimlari tomonidan bozorlar va yirik savdo majmualarida monitoring ishlari tashkil etildi va narxlarni asossiz oshirganlarga qonuniy choralar koʻrilmoqda.

Viloyat “Surxon Dori-darmon” MCHJ tasarrufidagi 210 ta ijtimoiy dorixonalar zaxirasi toʻliq shakllantirildi. Xususan, ushbu dorixonalarga viloyatdagi 10 ga yaqin tikuvchilik korxonalari tomonidan kuniga 50 ming dona tibbiy niqob (maska) yetkazib berilishi va niqoblarning narxini 1000 soʻmdan oshirmaslik choralari koʻrildi va bu doimiy nazoratga olingan. Maʼlumot uchun: “Surxon Dori-darmon” MCHJ omborida bugungi kun holatiga 4 tonna gipoxlorid kalsiy, perekis vodorod 628 kg, 1800 kg. 96 foizli spirt kabi dezinfeksiya vositalari mavjud.

Shu bilan birga mavjud holatdan kelib chiqib, pandemiya bahonasida aholini qoʻrquv va vahimaga solish, bu orqali tinch, barqaror muhitni izdan chiqarishni maqsad qilgan holda tarqatilayotgan xabarlarga nisbatan tezkor munosabatlar bildirilib, aholiga yetarli darajada tushuntirish va targʻibot ishlari olib borilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq xabarlar barchamizni birdek xavotirga solayotir. Ammo bugun hukumatimiz va tegishli tashkilotlar tomonidan Siz va bizning xavfsizligimiz borasida tizimli ishlar olib borilayotganini aslo unutmaylik lozim. Faqat bunday paytlarda barchamizdan vazminlik, mavjud holatni real baholay olish va mutaxassislar tavsiyasiga qatʼiy rioya qilish talab etiladi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev kecha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham xalqimiz hech qanday xavotir va vahimaga berilmasdan, aksincha, bir tanu bir jon boʻlib, xotirjamlik bilan ish tutishi, belgilangan gigiyenik talablarni oʻz vaqtida bajarib turishlari ayni paytdagi eng toʻgʻri yoʻl ekanligini alohida taʼkidladilar.

Binobarin, bugun dunyo hamjamiyatini oʻziga xos sinovdan oʻtkazayotgan koronavirus pandemiyasini ortiqcha xavotir va sarosimalarsiz yengib oʻtishga aqlimiz ham, qurbimiz ham yetadi. Ishonchimiz komilki, ushbu sinovli damlar butun oʻzbek xalqini yana-da birlashtirishga xizmat qiladi. Ushbu pandemiyadan aholimizniehtiyot qilish choralarini koʻrish maqsadida esa viloyatda men boshchilik 4 ta sektor va viloyatdagi barcha tashkilotlar rahbarlari, butun jamoatchilik, tibbiyot xodimlari bor imkoniyatimiz va kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz, — deyiladi viloyat hokimi murojaatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?