Superligada oʻynayotgan rossiyalik futbolchi Oʻzbekiston fuqaroligini olishni istamoqda

17:54 29 Oktyabr 2019 Sport
172 0

“Qoʻqon-1912“ jamoasi orqali Oʻzbekiston chempionatiga kelgan rossiyalik himoyachi Igor Golban Oʻzbekiston fuqaroligini olishni istamoqda. Bu haqda Championat.Asia xabar berdi.

Ayni paytda “Navbahor“ sharafini himoya qilayotgan Igor Golbanning Oʻzbekistonga kelgani va yurtimizda istiqomat qilayotganiga kelasi yili 5 yil toʻladi.

Qonunchilikka koʻra esa bu unga Oʻzbekiston fuqaroligini olishiga imkoniyat beradi. Maʼlumotlarga koʻra, tajribali himoyachi Oʻzbekiston pasportini olishni moʻljallamoqda. Agarda kelasi yili Igor Golban Oʻzbekiston fuqaroligini olsa, unda 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston terma jamoasiga nomzod futbolchi bittaga koʻpayadi.

Qayd etish kerakki, “Paxtakor“ tomonidan qiziqish bildirilgan tajribali himoyachi Igor Golban yaqinda amaldagi jamoasi “Navbahor“ bilan oʻrtadagi shartnomani 2023-yilga qadar uzaytirdi.

Eslatib oʻtamiz, Igor Golban Oʻzbekistondagi faoliyati davomida “Qoʻqon-1912“, “Navbahor“, “Nasaf“ va 2018-yildan boshlab yana “Navbahor“ sharafini himoya qilib kelmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?