Strategik hamkorlik doʻstona munosabatlarga asoslangan

20:49 29 Oktyabr 2020 Siyosat
156 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva shu kunlarda amaliy tashrif bilan Jeneva shahrida boʻlib turibdi. Tashrif doirasida parlament yuqori palatasi rahbari Parlamentlararo ittifoq (PI) bosh kotibi M.Chungong, Hindiston elchisi, BMTning Jenevadagi boʻlinmasi huzuridagi va Shveysariyadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili I.M.Pandey bilan uchrashdi.

Bosh kotib Oʻzbekiston Respublikasi BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani bilan samimiy muborakbod etdi va oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston hamda PI oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratilganligini taʼkidladi.

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi tufayli mamlakatda qisqa vaqt ichida demokratik-huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish borasida tub oʻzgarishlarga erishildi. Keyingi 4 yilda parlamentarizm, gender tenglikni takomillashtirish va yoshlar siyosatini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston orttirgan tajribani muvaffaqiyatli namuna sifatida boshqa mamlakatlarda ham tatbiq etish zarur.

M. Chungong Oʻzbekistonda olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berib, ayniqsa, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT BAning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishda va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini oshirish boʻyicha maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusini alohida qayd etdi.

Bosh kotib Oʻzbekiston delegatsiyasining PI tadbirlarida muntazam ishtirok etishini va joriy yilning iyun oyida BMTning barqaror rivojlanish sohasidagi Ixtiyoriy milliy sharhni taqdim etish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilishini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Bundan tashqari, u Oʻzbekistonning gender tenglikni taʼminlash sohasida erishgan yutuqlarini, parlament yuqori palatasi rahbari T. Narbayevaning shaxsiy fazilatlarini, shuningdek Oʻzbekiston tomonining qiziqishini inobatga olgan holda Parlamentlararo ittifoq 2021-yilda Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari vakillari ishtirokida mintaqaviy tadbir, 2022-yilda esa Parlament ayol-spikerlarining global sammitini tashkil etish imkoniyatini koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Shu kunning oʻzida parlament yuqori palatasi rahbari T. Narbayeva Hindiston elchisi I. Pandey bilan uchrashdi. Elchi Oʻzbekiston Respublikasi BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani bilan tabrikladi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi strategik hamkorlik doʻstona va yaqin munosabatlar asosida jadal rivojlanmoqda. Bundan tashqari, keyingi yillarda yuqori saviyadagi tashriflar yakunlari boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik yangi darajaga koʻtarildi.

Hindiston Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor, – dedi elchi. Uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligi doirasida turli sohalarda erishilgan yutuqlar haqida soʻz yuritildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?