Soliq tizimidagi islohotlardan tadbirkorlar qanchalik xabardor?

15:08 17 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
1083 0
Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”. 

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Joriy yilning 26 iyun kuni Prezidentimizning “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan soliq xizmati tadbirkorlarning ishonchli biznes hamkoriga aylanishi belgilab qoʻyildi. Oradan uch kun oʻtib, davlatimiz rahbari tarixiy “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonga imzo chekdi.

Xoʻsh, soliq xodimlari sohada katta oʻzgarishlarni boshlab bergan mazkur hujjatlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka qanchalik yetkazib bera olmoqda? Ular bu borada yetarli bilim va malakaga egami?

Aynan shu masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari A. Fayzibayev boshchiligidagi targʻibot guruhi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi va hududiy davlat soliq idoralari mutaxassislari uchun oʻquv seminari tashkil etdi. Interaktiv tarzda oʻtgan muloqotda, avvalo, davlat soliq xizmati xodimi “Soliq xizmati — insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori” tamoyiliga soʻzsiz amal qilishi lozimligi taʼkidlandi. Chunki yangi imidjni yaratish masalasi soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, Soliq islohotlar konsepsiyasiga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan soliq solish tartibiga kiritiladigan oʻzgarishlar, ayrim turdagi soliq va boshqa majburiy toʻlovlarning bekor qilinayotganligi haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”. 

“Bugungi tadbirdan olgan bilimlarimiz ertangi ish kunimizda qoʻllanma vazifasini oʻtashi muqarrar. Endi soliq toʻlovchilarni yangi tartibga oid qiziqtirayotgan har qanday savollariga, bemalol, ularni toʻla qanoatlantiradigan darajada javob bera olamiz”, - deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Akromjon Ochilov.

Davlat soliq qoʻmitasi targʻibot guruhi, shuningdek, Jalaquduq va Asaka tumanlarida ham aholi va tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?