Sogʻliqni saqlash vazirligi semizlikka qarshi kurashishga chorlab chiqdi

12:19 11 May 2019 Jamiyat
350 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, dunyoda 18 va undan yuqori yoshdagi 1,9 milliard kishi ortiqcha vaznga ega. Ularning 600 milliondan ortigʻi esa semizlikdan aziyat chekmoqda.

Shu bois, ortiqcha vazn bilan kasallanishning oldini olish, uni erta aniqlash va bemorlarni darddan forigʻ etish zamonaviy tibbiyot oldidagi dolzarb vazifalardan biridir.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan butun mamlakatimiz boʻylab joriy yil 11 may, shanba kuni sogʻlom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlarning navbatdagi bosqichida ayni shu muammoga eʼtibor qaratilib, “Oilaviy semizlikka yoʻl yoʻq” shiori ostida 5 kilometr masofaga faol yurish va “Salomatlik startlari” tadbiri tashkil etildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Erta tongdan mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi poytaxtimizning istirohat bogʻlari va xiyobonlarida ham vazirlik markaziy apparati, tizimdagi muassasalar, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari xodimlari va mahalla faollarining oilaviy jamoalari ishtirokida jismoniy faollikni targʻib etuvchi estafeta oʻyinlari, bilimdonlar tanlovi oʻtkazildi.

— Kam harakatlilik, kun davomida uzoq vaqt kompyuterda ishlash inson organizmida ortiqcha vazn bilan bogʻliq koʻplab kasalliklarni keltirib chiqaradi, — deydi Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova.— Mazkur xastaliklarning oldini olish maqsadida har bir kishi kundalik ish faoliyatini jismoniy faollik bilan boshlashi, yaʼni toza havoda sayr qilishi, jismoniy mashqlar bilan band boʻlishi va albatta sogʻlom hamda toʻgʻri ovqatlanishga eʼtibor qaratishi lozim. Zero, toza havoda sayr qilish — mushak, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, nafas olish ritmini rivojlantiradi.

Faol harakatlar tanadagi yogʻlarning erishiga, shu orqali ortiqcha vazndan qutilishiga yordam beradi. Shuningdek, jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz usuli hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — oʻsmirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishi mumkin.

Semizlikka qarshi kurashda sogʻlom ovqatlanish ham muhim oʻringa ega. Turli xil sabzavot va mevalarni isteʼmol qilishga odatlanish ham oilalarda sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish ratsionini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, baʼzi hollarda muhim, ammo koʻz ilgʻamas qoidalarga rioya etishimiz oʻzimiz hamda oila aʼzolarimizning salomatligini mustahkamlaydi. Misol uchun, har kuni nahorda 200 grammdan kam boʻlmagan iliq suv isteʼmol qilishni odatga aylantirsak salomatligimiz uchun koni foyda boʻladi. Chunki suv tezlik bilan oshqozonga va ichaklarga tushadi, zaharli moddalarning chiqarilishiga yordam beradi. Ichaklarni tozalab, ovqatdan keladigan foydali moddalarning yaxshi oʻzlashtirilishiga hissa qoʻshadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, tongda och qoringa ichilgan suv metabolizmni 25 foizga tezlashtiradi. Bu esa ortiqcha vaznga ega odam uchun kaloriyani faol sarflash natijasida ozishga yordam berishini anglatadi.

Qolaversa, osh tuzining kunlik tanovul qilinadigan mahsulotlar tarkibidagi miqdorini 5 grammdan oshirmaslik ham turli boʻgʻim kasalliklarining oldini oladi va ortiqcha vazn sabab kelib chiqadigan xastaliklarni bartaraf etadi.

Unutmaylik, semizlikni oldini olishda sogʻlom turmush tarzi, jumladan, oilaviy jismoniy faollik, sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish muhim oʻringa ega. Shunday ekan, buning uchun bizdan koʻp narsa talab etilmaydi. Shunchaki, ertalabki faol yurish, jismoniy mashqlar, kundalik ovqatlanish ratsionni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va faol turmush tarziga erishishning oʻzi kifoya!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?