Sogʻliqni saqlash vazirligi: Loyson aholisi tibbiy xizmatdan birdek bahramand boʻladi

10:15 03 Iyul 2019 Jamiyat
1313 0

Foto: "Xalq so'zi"

Sogʻliqni saqlash vazirligi “Xalq soʻzi Online” axborot saytida “Sogʻliqni saqlash vazirligiga Loyson qishlogʻi fuqarolaridan ochiq xat” sarlavhasi ostida chop etilgan material yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar bermoqda.

Maʼlum boʻlishicha, Qoʻshtepa tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Loyson qishloq vrachlik punkti markazdan 14 kilometr uzoqlikda joylashgan boʻlib, hududdagi qariyb 7000 nafar aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatib kelgan. MazkurQVP 1985-yilda hudud aholisi tomonidan hashar yoʻli orqali qurilgan boʻlib, ushbu inshoot 2014-yilda avariya holatiga kelib qolganligi sababli viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan foydalanishga yaroqsiz deb topilgan.

Shundan soʻng 2017-yilga qadar Loyson QVP oʻz faoliyatini hududdagi 20-maktabgacha taʼlim muassasasining boʻsh turgan binosida davom ettirib kelgan.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordam muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada tashkillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosanQoʻshtepa tumani xalq deputatlari kengashining 2017yil 7-apreldagi tegishli qaroriga koʻra, QVP binosi foydalanishga yaroqsizligi, hududdagi aholi sonining 10-12 ming nafardan kam boʻlgan ekanligi hamda moddiy-texnik bazasi yetarli boʻlmaganligi sababli faoliyati butunlay tugatilib, hududdagi 86-sonli (Qashqar) Qishloq oilaviy poliklinikasiga biriktirilgan.

Ayni paytda Loyson qishlogʻi hududidagi aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarni yanada qulaylashtirish maqsadida 86-Qishloq oilaviy poliklinikasining tayanch punkti sifatida hududdagi mahalla fuqarolar yigʻini binosining 4 ta xonasi ajratildi va bu yerda umumiy amaliyot shifokori, muolaja hamda patronaj hamshiralar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Murojaatda koʻrsatilgan ochiq xat yuzasidan viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi vakillari tomonidan Loyson mahalla fuqarolar yigʻini faollari bilan uchrashuv oʻtkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi.

Uchrashuvdan soʻng, mazkur muammo boʻyicha viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi va tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan yaqin kunlarda aholining talab va istaklarni inobatga olgan holda mazkur hudud aholisi uchun hududdagi 86-QOPning tayanch punkti sifatida faoliyat koʻrsatib kelayotgan MFY binosida yana ikkita xona — tibbiy tahlillar uchun laboratoriya va ayollar maslahatxonasini tashkil etishga kelishildi.

Shuningdek, mutasaddilar tomonidan vazirlik va yuqori tashkilot idoralariga hududdagi 86-sonli (Qashqar) Qishloq oilaviy poliklinikasining faoliyat koʻrsatib kelayotgan binosi rekonstruksiya holatiga kelib qolganligi va qurilish hamda taʼmirlash ishlariga ehtiyoj yuqori ekanligi sababli ushbu QOP binosini Loyson MFY hamda 86-QOP joylashgan hudud oʻrtaligʻiga, yaʼni Shahartepa yoki Dehqonobod MFY hududiga qurish boʻyicha taklif loyihasi kiritildi.

Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi yaqin vaqt ichida ushbu taklifni tegishli tashkilotlar bilan oʻrganib chiqib, holat yuzasidan ijobiy tomonga oʻzgarish boʻlishini maʼlum qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?