Sogʻliqni saqlash vazirligi Andijon hokimi bilan bogʻliq shov-shuvli xabarga munosabat bildirdi

16:51 29 Iyun 2019 Jamiyat
1029 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovning ovozi aks etgan audiomaterial boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi quyidagilarni bildiradi.

Maʼlum boʻlishicha, Andijon viloyat hokimligida 2019-yil
3-yanvarda oʻtkazilgan yigʻilish bayoni qarori bilan viloyat moliya boshqarmasiga pul mablagʻlarini tibbiyot muassasalaridan yigʻib olib, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi hisob raqamiga markazlashtirish hamda ushbu pul mablagʻlariga toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan shartnomalarga muvofiq, shpris, infuzion sistema va tibbiy qoʻlqoplar sotib olish topshirilgan.

Vaholanki, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga koʻra, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish yoʻli bilanushbu tibbiy buyumlarni xarid qilish taqiqlangan. Yuqoridagi topshiriq asosida Andijon shahrida joylashgan ”MAKRO FARM ANDIJON” MCHJ bilan yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda tuzilgan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jami 6,3 mlrd soʻmlik muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlmagan shpris va sistemalar sotib olingan.

Xuddi shunday tartibda topshiriq asosida Andijon shahridagi “GOLD GROWN PHARMA” MCHJdan noqonuniy ravishda jami 20,1 milliard soʻmlik muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlmagan tibbiy qoʻlqop mahsulotlari xarid qilingan.

– Aslida ushbu mablagʻlarga viloyat aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun dori vositalari va boshqa zarur tibbiy bumlar ham sotib olinishi lozim edi, - deydi Sogʻliqni saqlash vazirligining Yuridik boʻlimi boshligʻi Ruslan Muxammadiyev. – Buning oqibatida, Andijon viloyatida2018-2019-yillarda shpris, sistema va qoʻlqoplar bilan taʼminot darajasi zarur ehtiyojdan bir necha marotaba ortiqqa taʼminlangan, lekin shoshilinch yordam uchun kerakli boʻlgan va boshqa dori vositalari ehtiyojga nisbatan bir necha marotaba kam xarid qilingan.

Oddiy qilib aytganda, pul mablagʻlarining notoʻgʻri taqsimlanishi 
va davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi buzilishi oqibatida oʻrganilgan tashkilotlarda viloyat aholisining dori vositalariga boʻlgan ehtiyoji 44,5 foizga (“Aktovegin”dori vositasiga boʻlgan ehtiyoj hatto 
5 foizga)taʼminlangan bir paytda, qoʻlqop 265 foizga, sistema 103 foizga hamda shpris 500 foizga ehtiyojdan ortiq sotib olingan.

– Amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq, - deydi R.Muxammadiyev, -yuqoridagi koʻrsatilgan tibbiy buyumlar majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi, yaʼni sifati Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan standartlarga toʻliq javob berishi shart edi. Tabiiyki, bunday sertifikati boʻlmagan mahsulotlarni sotish va ishlatish umuman mumkin emas. Lekin shunga qaramay,koʻrsatilgan holatda bunday sertifikati boʻlmagan (hattoki 47 ta holatda bunday sertifikat berish rad etilgan) sifatsiz tibbiy buyumlar sotib olingan.

Ushbu holatlar vazirlik tomonidan aniqlanganidan keyin dastlab 2019-yilning 13-may kuni Andijon viloyat hokimi nomiga bu toʻgʻrida rasmiy xat yuborilib, yuzaga kelgan muammoli masalaning yechimida amaliy yordam koʻrsatish soʻralgan. Vaziyat boʻyicha hech qanday ijobiy oʻzgarish sezilmaganidan keyingina hamda viloyat tibbiyot muassasalarida dori vositalariga ehtiyoj kuchayib, dori vositalari taʼminoti bilan bogʻliq vaziyat chigallashishni boshlaganidan keyin (oradan 15 kun oʻtib) joriy yilning 28-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuqoridagi holat boʻyicha toʻplangan materiallar yuborilgan va masalaning oqilona yechimini topishda amaliy yordam koʻrsatish soʻralgan.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan xatda Andijon viloyati hokimligi yoki hokim Sh.Abdurahmonov haqida hech qanday maʼlumot mavjud emas.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?