Sobiq kalishfurush Nokia kompaniyasidan navbatdagi “syurpriz”

16:20 25 Fevral 2019 Dunyo
571 0

Bugun Ispaniyaning Barselona oʻlkasida IT-texnologiyalar boʻyicha MWC 2019 xalqaro koʻrgazmasi ish boshladi. U 28 fevralga qadar davom etadi. Mazkur forumda kommunikatsiya vositalarining eng soʻnggi avlodlari hamda yangiliklar namoyish etilyapti.

Xususan, HMD Global kompaniyasi Nokia 210 rusumidagi oddiy telefonni omma eʼtiboriga havola etdi. U internetga kirish boʻyicha eng qulay qurilma ekanligi aytilmoqda.

Ushbu mobil vosita tugmali klaviatura, kamera, ilovalar doʻkoni, Opera Mini brauzeriga ega. 2,4 dyuymlik displey, FM-radio, svetodiod yoritgich, 1020 mAch sigʻimli akkumulyator bilan jihozlangan. Oʻlchami 120,8x53,49x13,81 mm., ogʻirligi 82 grammga teng.

Nokia 210 kelgusi haftadan 35 dollardan qora, qizil va kulrang tuslarda savdoga chiqariladi.

Maʼlumot uchun, Nokia oʻz faoliyatini kalish va qogʻoz ishlab chiqarishdan boshlagan ekan.

1865 yilda oddiy finn muhandisi Fredrik Idestam mamlakatning janubiy sohillari yaqinida kichkina qogʻoz-selyuloza fabrikasi ochadi.

Keyin ushbu zavod rezina mahsulotlar ishlab chiqara boshlaydi. Nokia brendi ostidagi kalish va shinalar butun Yevropa va hatto Rossiyada ham katta mashhurlikka erishadi. Urushdan soʻng oʻzida kabel va rezina mahsulotlari ishlab chiqarishni birlashtirib, telekommunikatsiya yoʻnalishida butun dunyoga mashhur markaga aylanadi. 1970-yillarda Nokia yangi asbob-uskunalar hisobiga oʻz faoliyatini takomillashtiradi. 1990-yillar boshlarida Finlyandiya iqtisodiyotida tushkunlik boshlanadi. Shundan soʻng Nokia mobil aloqaga urgʻu qaratadi va bu uning yana bir muvaffaqiyatli parvozini taʼminlab beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?