Sobiq Ichki ishlar vaziri muallifligidagi kitob nashrdan chiqdi

16:27 09 Iyul 2018 Jamiyat
630 0

 

Illyustrativ foto

Ichki ishlar vazir­li­gi akademiyasi boshlig‘i, general-leytenant Bahodir Matlyubovning “Profilaktika inspektori — xalq xizmatchisi” kitobi nashrdan chiqdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” muxbiri Zokir Xudoyshukurov xabar bermoqda.

Kitob mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida “Inson manfaatlari har narsadan ustun” tamoyili asosida o‘tkazilayotgan islohotlar xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashga, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish kabi dolzarb masalaga bag‘ishlangan.

General-leytenant Bahodir Matlyubovning huquqni muhofaza qilish organlarida uzoq yillar davomida to‘plagan tajribasi asosida tayyorlangan ushbu kitobda yaqin tariximiz, ya’ni istiqlolning dastlabki yillarida tinchlik va barqarorligimizni izdan chiqarishga bo‘lgan urinishlar oqibatlari bayon etiladi. Bevaqt halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz, xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida vafot etgan huquq-tartibot organlari xodimlari xotirasi yodga olinadi. O‘z navbatida, olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida huquqbuzar­lik­lar, ayniqsa, uning eng xavfli ko‘rinishi bo‘lgan jinoyatchilik yildan-yilga kamayib borayotganini aniq raqamlar asosida tahlil qiladi.

— Mazkur tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kun­da profilaktika inspektorlarining aksariyat qismi nafaqat faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini bilmaydi, hatto, ularning mavjudligi haqida tasavvurga ham ega emas. Bu holat profilaktika inspektorlarining atigi o‘n bir foizi yuridik ma’lumotga egaligi, bunday ma’lumotga ega bo‘lmagan­lari esa maxsus tayyorgarlikdan o‘tmagani bilan izohlanadi. Ularning huquqiy bilimi, ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish ham zamon talabiga mos emasligi qo‘llanmada ko‘rsatib o‘tilgan, — deydi Akademiya xodimi, leytenant Jamshid Xolov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?