Siyosiy partiyalar demokratik jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanishi kerak

20:20 22 Avgust 2019 Siyosat
509 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-avgust kuni mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi. 

Muloqot chogʻida partiyalarning jamiyatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi oʻrni va rolini oshirish, shu yil dekabr oyida milliy parlamentimiz va mahalliy vakillik organlariga boʻladigan saylovlarga tayyorgarlik ishlarining borishi toʻgʻrisida, bu boradagi eng muhim va dolzarb masalalar xususida atroflicha fikr yuritildi.

Maʼlumki, mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻygan hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlarda chuqur demokratik oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasi asosida jamiyatimizda koʻppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda beshta siyosiy partiya – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiya faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning oʻz gʻoya va dasturlarini amalga oshirishi, saylovlarda tenglik, ochiqlik va xolislik tamoyillari asosida faol ishtirok etib, parlament, mahalliy vakillik organlarida oʻz fraksiyalari va partiyaviy guruhlarini shakllantirishi hamda mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha qonuniy asoslar yaratilgan. Yangi qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari “Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas boʻlib, uning oʻtkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi”, deb taʼkidladi.

Oliy Majlis va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga boʻladigan saylovlar mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea boʻlib, butun xalqimiz qatori siyosiy partiyalar uchun ham katta siyosiy maktab boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Saylovlarning koʻppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, dunyoda umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga mos holda oʻtishi koʻp jihatdan siyosiy partiyalarning ushbu jarayonga puxta tayyorgarlik koʻrishi hamda chuqur oʻylangan yangi gʻoya va maqsadlar, dasturlar bilan ularda faol ishtirok etishiga bogʻliq.

Milliy qonunchiligimizda boʻlajak saylovlarda deputatlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilishi qatʼiy belgilab qoʻyilgani har bir partiyaga katta huquq va imkoniyat berishi bilan birga yuksak masʼuliyat ham yuklaydi.

Albatta, saylovlar oldidan har bir siyosiy partiya oʻzining saylovoldi dasturi, siyosiy platformasini ishlab chiqadi, yangi-yangi gʻoyalarni oʻrtaga tashlaydi, el-yurt orasida obroʻ-eʼtibor qozongan insonlar nomzodini ilgari suradi. Bir soʻz bilan aytganda, kurash qizgʻin boʻladi.

Siyosiy partiyalar rahbarlari bilan suhbat davomida bu galgi saylovlarning oʻziga xos xususiyatlari va ahamiyati, partiyalar ushbu gʻoyat muhim jarayonga qanday gʻoya va maqsadlar bilan borayotgani, elektoratning faolligini oshirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda siyosiy yetakchilik fazilatlarini shakllantirish, partiya tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish haqida atroflicha fikr yuritildi.

“Qaysi partiyaga mansubligidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizni birlashtiradigan yagona va mushtarak maqsad – bu jonajon Oʻzbekistonimiz, uning buyuk kelajagidir. Ayni shu maqsad hammamizni ona yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilishga daʼvat etadi”, deb taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Saylovlar jarayonida, demokratik plyuralizm sharoitida xalqimizga xos boʻlgan bagʻrikenglik va olijanoblik, siyosiy-huquqiy madaniyatni namoyon etish lozimligiga urgʻu berildi. Ayniqsa, saylovoldi targʻibot kampaniyalarini zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida olib borish boʻyicha qonunchiligimizda belgilangan normalarga amal qilish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Muloqot jarayonida bugungi davr hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar talablaridan kelib chiqqan holda, siyosiy partiyalar faoliyati chuqur tahlil qilinib, ularning ishini takomillashtirish va samarasini oshirish boʻyicha fikr-mulohazalar, amaliy takliflar bildirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?