Sirdaryolik mikroavtobus haydovchilari bilan yuzaga kelgan muammo boʻyicha rasmiy bayonot berildi

12:35 23 Oktyabr 2019 Jamiyat
182 0

Respublikamizda yoʻl harakati barcha ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash, avtomobil transportida yoʻlovchilarni tashishda yoʻl-transport hodisalariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida 2019-yil 21-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoʻlovchilarni avtobusda tashish xavfsizligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 424-son qarori qabul qilindi. Mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq boʻlgan avtobuslarda yoʻlovchilarni tashishga litsenziya kartochkalari berilishiga yoʻl qoʻyilmasligi hamda 2021-yil 1-yanvardan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq boʻlgan avtobuslarda yoʻlovchilarni tashish taqiqlanganligi belgilangan.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki bugun mamlakatimizda foydalanish muddati 15 yildan oshgan 351 ta avtobus mavjud. Ayrim tadbirkorlar tomonidan mablagʻlarni tejash maqsadida bu kabi transport vositalariga oʻz vaqtida lozim darajada texnik xizmat koʻrsatilmasligi va taʼmirlash ishlarining olib borilmasligi kabi holatlar kuzatilayotgan edi. Aynan ushbu qaror bilan esa eskirgan va texnik holati belgilangan talablarga javob bermaydigan avtobuslar bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarilmoqda. Yurtimiz avtobus parkini yangilash borasida olib borilayotgan ishlar samarasi oʻlaroq transport korxonalari tomonidan joriy yilning oʻzida 778 ta yangi avtobuslar sotib olindi. Bulardan 482 tasi oʻrta sigʻimli ISUZU avtobuslari boʻlsa, qolgan 296 tasi shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda qatnovlarni amalga oshirishga moʻljallangan katta sigʻimli YUTONG, GOLDEN DRAGON va boshqa rusumdagi zamonaviy avtobuslardir.

Yuqoridagi qarorning qabul qilinishi ortidan ayrim transport uyushmalari va ularga aʼzo haydovchilar oʻrtasida endi foydalanish muddati 15 yildan oshgan mikroavtobuslarga ham litsenziya berish toʻxtatiladi degan notoʻgʻri fikr yuzaga kelgan. Ana shunday holat Sirdaryo viloyatida kuzatildi. Viloyat transport boshqarmasi rahbariyati tomonidan ushbu qaror mazmun-mohiyati transport uyushmalari rahbarlariga toʻliq tushuntirilmaganligi qolaversa, litsenziya berish jarayonida ortiqcha sansolarlikka yoʻl qoʻyilishi mikroavtobus haydovchilarining haqli eʼtirozlarini keltirib chiqardi. Ushbu holat yuzasidan Transport vazirligining avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti va yuridik boshqarmasi vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh joriy yilning 5-oktyabr kuni Sirdaryo viloyati transport boshqarmasida yoʻlovchi tashuvlari sohasida faoliyat yuritib kelayotgan uyushma rahbarlari va haydovchilar bilan sayyor qabul oʻtkazdi. Qabul davomida ishtirokchilarga qarorining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi. Haydovchilar bilan boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda ular litsenziya varaqalari olish uchun oʻzi aʼzo boʻlgan uyushmalar orqali hududiy transport boshqarmasiga belgilangan tartibda ariza bilan murojaat etmagani oydinlashdi. Ishchi guruhi tomonidan barcha haydovchilarga litsenziya olish tartib qoidalari yana bir bor batafsil tushuntirib oʻtildi hamda viloyat transport boshqarmasiga barcha uyushma rahbarlariga bu kabi masalalarda haydovchilarning huquqiy savodxonligini oshirib borish va kelib tushgan arizalar boʻyicha oʻz muddatida litsenziya varaqalarini taqdim etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Uchrashuv davomida Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi rahbari Oybek Erbekov haydovchilardan ularning ish faoliyati davomida yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr soʻrab, bu kabi holat boshqa takrorlanmasligini taʼkidlab oʻtdi.

19-oktyabr kuni maxsus ishchi guruh sayyor qabul davomida belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib yoʻlovchi tashuvlari sohasida faoliyat yuritib kelayotgan uyushma rahbarlari va haydovchilar bilan yana bir bor uchrashuv oʻtkazdi. Transport uyushmalari rahbarlari bilan boʻlib oʻtgan muloqot davomida ularga litsenziya varaqalari toʻliq ravishda berilganligi maʼlum boʻldi. Uchrashuvda uyushma rahbarlari va haydovchilarga bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish, yoʻnalishlarga chiqayotgan har bir transport vositalarini muntazam ravishda texnik koʻrikdan, haydovchilarni esa tibbiy koʻrikdan qatʼiy ravishda oʻtkazish, transport vositalarining sanitar holatlarini nazorat qilib borish zarurligi yana bir bor taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, uyushmalar avtoparkini oʻz vaqtida yangilash choralarini koʻrish boʻyicha tavsiyalar berildi. Chunki yangi transport vositalariga ega korxonalarning kelgusida oʻtkaziladigan tenderlarda gʻoliblikka erishish imkoniyati yuqori boʻladi.

“Shu oʻrinda Transport vazirligi yuk va yoʻlovchi tashish sohasida faoliyat olib borish uchun litsenziya varaqalarini qonunda belgilangan tartibda berish jarayoni qatʼiy nazorat ostida ekanligini bildiradi. Mazkur masalada qandaydir tushunmovchilik yoki qonun buzilish holatlari roʻy bergan taqdirda 1167 qisqa raqamli ishonch telefonlari orqali murojaat etishingizni soʻrab qolamiz”, deyiladi vazirlik axborotida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?