Sirdaryodagi “Yurt bayrogʻi” maydonida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi

12:24 18 Noyabr 2019 Jamiyat
1543 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Guliston shahridagi muhtasham va ulugʻvor “Yurt bayrogʻi” maydonida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganligining yigirma sakkiz yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Eʼtirof etish kerakki, “Yurt bayrogʻi” maydoni shaharliklar va mehmonlarning eng sevimli maskaniga aylangan. Bu yerda joriy yilda oʻrnatilgan respublikamizdagi eng purviqor va mahobatli bayroqlarimizdan biri hilpirab turibdi. Uning balandligi 65 metr, hajmi esa 18 metrga 6 metr.

Tantanada Sirdaryo viloyati hokimi GʻofirjonMirzayevsoʻzga chiqib, barchani bayram bilan tabrikladi.

-Mamlakatimiz gʻururi va iftixori – Davlat bayrogʻi oʻrnatilgan ushbu maydon har bir vatandoshimizga oʻzgacha kayfiyat bagʻishlamoqda -deydi Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi faoli Nigora Orifjonova.-Qolaversa, yoshlarni vatanparvar, yurtga sadoqatli, komil inson boʻlib voyaga yetishlarida ushbu salobatli bayroqning hissasi katta boʻladi, albatta. Zero, har bir fuqaro ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuygʻularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollaridan biri boʻlgan bayroqni ulugʻlash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

Tantana doirasida oʻtkazilgan yarim marafonda davlatimiz bayrogʻi shahar koʻchalaridan olib oʻtildi. Shuningdek, Halima Xudoyberdiyeva nomli ijod maktabi oʻquvchilari tomonidan bayrogʻimizni ulugʻlovchi sheʼrlar oʻqildi, sanʼatkorlar tomonidan kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

Sirdaryoda bayram tadbirlari davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?