Sirdaryoda “Tashabbus-2019” gʻoliblari aniqlandi

19:06 10 Iyun 2019 Iqtisodiyot
423 0

“Tashabbus-2019” respublika koʻrik-tanlovining bu galgi Sirdaryo viloyati bosqichi har jihatdan oʻzgacha tashkil etildi. Jumladan,tanlov hududi ancha keng olindi, yaʼni u“Yurt bayrogʻi”,viloyat musiqali drama teatri, “Bilimdonlar maskani”, “Amfiteatr” va “Yoshlar markazi” maydonlarini qamrab oldi.Shunga yarasha koʻrgazmaga qoʻyilgan mahsulotlar, xizmatlar va yoʻnalishlar ham rang-barang boʻldi. Hatto ayni chogʻda xorijnikidan qolishmaydigan krossovkalari bilan mashhur boʻlib borayotgan “Zinnur” korxonasi zamonaviy ishlab chiqarish liniyalaridan birini oʻrnatgan holda, ishtirokchilarga mazkur poyabzalni tayyorlash jarayonini namoyish etdi.

- Tanlovning viloyat bosqichida ilk bor qatnashdim, - deydi Yangiyer shahrilik hunarmand Salima Ibodullayeva. - Astoydil qilingan izlanish, harakat va mehnat oʻz qadrini topmay qolmas ekan. Koʻrgazmaga qoʻyilgan tikuvchilik va toʻquvchilik namunalarimiz tanlov hayʼati tomonidan yuqori baholanib, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi boʻyicha birinchi oʻrinni oldim. Albatta, bu yutugʻimning bosh omili keyingi yillarda yurtimizda hunarmandchilikka koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor deb bilaman.

Tanlov doirasida “Kitob aksiyasi ”, “Huquqiy bilimlar kuni” va boshqa tadbirlar ham oʻtkazildi. “Bilimdonlar maskani” hamda Amfiteatrda poytaxt va viloyat sanʼatkorlari ijrosida konsertlar boʻlib oʻtdi. Yana bir eʼtiborli jihati, Gulistonda shu kuni 5 tonnalik palov ham pishirildi.

Yakunda Mirzaobod tumanidagi “Mirzaobod Universal Trade Cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Ulugʻbek Sotiboldiyev “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, Sayxunobod tumanidagi “Sayxun planet” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Muhammad Begimov “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, Guliston shahridagi “Sayxun maishiy savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Behzod Joʻrayev “Yilning eng yosh tadbirkori”, Yangiyer shahridagi “Ibodullayeva Salima” yakka tadbirkorlik subyekti rahbari Salima Ibodullayeva “Yilning eng yaxshi hunarmandi”, Boyovut tumanidagi “Murod” fermer xoʻjaligi rahbari Sobir Murodov “Yilning eng yaxshi fermeri” nominatsiyalari boʻyicha birinchi oʻrin sohiblari boʻlishdi.Shuningdek, tanlovda yana bir necha qoʻshimcha yoʻnalishlar boʻyicha aniqlangan gʻoliblar ham diplom va sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi“.

:


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?