Sirdaryoda olimpiada litsenziyasi uchun 100 million soʻm pul , sovrindorlik uchun 3 xonali uy beriladi

09:59 04 Noyabr 2019 Sport
175 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Tokio-2020 XXXII Olimpiyada oʻyinlariga litsenziyani qoʻlga kiritgan sirdaryolik sportchilarga 100 million soʻmdan pul mukofoti,sovrindor gʻoliblarga 3 xonali uy topshiriladigan boʻldi deb xabar bermoqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.

Bu haqda viloyat hokimligi hamda sektor rahbarlari tomonidan Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida boʻlib oʻtgan mamlakat, jahon va Osiyo chempionatlari sovrindorlari hamda murabbiylarini taqdirlash marosimida eʼlon qilindi.

Tadbirda XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paraolimpiya oʻyinlarida qatnashish litsenziyasini qoʻlga kiritish maqsadida kurash olib borayotgan 15 nafar sirdaryolik sportchiga mashgʻulotlarni samarali tashkil qilishlari hamda ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 10 million soʻmdan,murabbiylariga esa 5 million soʻmdan pul mukofotlari berildi.

Shuningdek, Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab – internatining 11-sinf oʻquvchisi, velosport boʻyicha bir necha bor Oʻzbekiston, Xalqaro chempionatlar gʻolibi, 2019-yil Koreya, Indoneziya, Hindiston, Tailand davlatlarida hamda Toshkent shahrida oʻtkazilgan Osiyo kubogi musobaqalarida 1 ta oltin, 3 ta kumush, 2 ta bronza,Osiyo chempionatlarida 2 ta kumush hamda 1 ta bronza medali sohibasi Yanina Kuskovaga viloyat hokimligining sovgʻasi - eng ilgʻor texnologiyalar asosida yigʻilgan sport velosipedi topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?