Sirdaryoda biryoʻla 10 ta yetti qavatli uy egalariga topshirildi

21:12 27 Noyabr 2019 Jamiyat
293 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Guliston shahrida yangi bunyod etilayotgan “Buyuk kelajak sari” massivida yana 10 ta 7 qavatli uy tantanali ravishda foydalanishga topshirildi va 420 oila, xususan,ijtimoiy himoyaga muhtoj 10 nafar ayol belgilangan imtiyozlar asosida oʻz uylariga ega boʻlishdi.

Shunday qilib, mazkur massivda 2017-2019-yillar davomida qurilishi belgilangan 37 ta koʻp qavatli uy qurib bitkazildi.

Hozirda bu yerda 1405 ta xonadon yoki 4500ga yaqin aholi istiqomat qilmoqda.Eʼtiborlisi, yer sharoiti murakkab boʻlgan Sirdaryo viloyati markazida ham toʻrt qavatdan baland imoratlar bunyod etish mumkinligi amalda isbotlandi.Qolaversa, turarjoylar qurilishida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy materiallardan foydalanildi.

Koʻp qavatli uylar atrofiga 2000dan ziyod tut, archa kabi manzarali daraxtlar hamda 3000ga yaqin gul koʻchatlari oʻtqazildi. Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida 20 ta bolalar maydonchasi, 350 oʻrinli avtoturargoh hamda 1 ta maktabgacha taʼlim muassasasi qurildi. Ayni paytda 630 oʻrinli maktab qurilishini 2020-yil sentyabr oyida poyoniga yetkazish moʻljallanmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?