Sirdaryoda agrotexnikasiz, chopiqchilar mehnatisiz ham baravj oʻsayotgan gʻoʻza maydoni bor

17:47 20 Iyun 2019 Jamiyat
407 0

Foto: "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryo tumanidagi “Peng Sheng” qoʻshma korxonasining 150 gektar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyilganligi tufayli odatdagi agrotexnik tadbirlarni oʻtkazishga hojat qolmayapti. Qolaversa chigitning plyonka ostida amal oldirilganligi ham bu borada muhim omil boʻldi. Dalaga faqat suspenziya – yaʼni barglardan oziqlantirish uchungina traktor kiritilmoqda. Maʼlum boʻlishicha, oʻtgan yilda shu usulda parvarishlangan 50 gektar maydondagi paxta hosildorligi 50 sentnerga yetgan. Eng muhimi, olingan xom ashyoning tannarxi anʼanaviy tarzda parvarishlangan paxta maydonlari hosilinikiga nisbatan ancha arzonlashgan.

Mutaxassislarning aytishicha, ayni chogʻda tomchilatib sugʻorilayotgan gʻoʻzalar rivoji hududdagi boshqa maydonlardagidan ancha oldinlab ketgan. Yaʼni bu yerda ular shonalab, gullash bosqichiga oʻtdi.

Plyonka va tomchilatib sugʻorish tufayli begona oʻtlarni yoʻqotish, ekin tagini yumshatish kabi agrotexnik tadbirlarga ham zarurat qolmadi. Ozuqalarning asosiy qismi esa har bir tup ekin ildiziga suv orqali uzatilmoqda.

-Tomchilatib sugʻorish texnologiyasining suvni tejash bilan birga undan samarali foydalanishni toʻliq kafolatlashini amalda koʻrdik, - deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassisi Gʻulomjon Sulaymonov. - Yaʼni tomchilatib sugʻorishda odatdagiga nisbatan 35-40 foiz suvni tejash mumkin ekan. Qolaversa, bunda irrigatsiya tarmoqlaridagi oqim orqali yoʻqotishlar ham barham topadi.Yana bir jihat, tomchilatish usulida sugʻorish tarmoqlari ishdan chiqqan, suv qiyinchilik bilan yetkaziladigan maydonlar bilan bogʻliq muammolarning yechimi ham mavjud. Amaldagi uskuna orqali 150 gektargacha maydondagi ekinni sugʻorish mumkin. Uskuna bir nafar operator tomonidan boshqariladi. Suvchilarning mehnati yengillashib va sugʻorish davomiyligi ham qisqaradi. Va qisqa muddatlarda katta maydonlardagi ekin kerakli meʼyordagi suv bilan taʼminlanadi.

Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasidan olingan maʼlumotlarga koʻra,joriy yilda Mirzaobod tumanidagi “Mirzaobod Universal Trade Cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 150 gektardagi gʻoʻzalar ham tomchilatib sugʻorilmoqda. Bu usulni qoʻllashda Turkiya texnologiyasidan foydalanilmoqda. Eʼtiborlisi,tomchilatib sugʻorish uskunalari oʻzimizda ham tayyorlanib, ayni chogʻda sinovdan oʻtkazilayotir.

Maʼlumot uchun, mazkur yilda Sirdaryo viloyatida 868 gektar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish joriy qilinmoqda. Kelgusi yili esa bu koʻrsatkich 1536 gektarga yetkazilishi kutilayotir. Fermerlardagi har jihatdan tejamkor va samarali boʻlgan bu usulga boʻlgan qiziqish esa tobora ortib borayotir.Binobarin, shu yilning oʻzida 12 ta fermer xoʻjaligi sugʻorishning ana shu usulini qoʻllay boshladi. Tomchilatib sugʻorishni tanlagan fermer xoʻjaliklariga 8 million soʻmdan subsidiya ham berilayotir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?