Sifatsiz qurilishga yoʻl qoʻyilmaydi

11:24 22 Aprel 2019 Jamiyat
719 0

Xabaringiz bor, keyingi vaqtlarda Sergeli tumanining 5-dahasida barpo etilgan arzon uylarning sifati va narxi masalasi ayrim eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama etilayotgan edi. Shu sababli 11 aprel kuni Sergeli tuman hokimligida Hukumat aʼzolari ishtirokida ushbu uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan uchrashuv boʻlib oʻtgan edi. Unda tumandagi arzon koʻp qavatli uylarning narxlari, qurilishning sifati va yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklar muhokama qilinib, fuqarolarning murojaatlari tinglangan edi.

Sayyor yigʻilishda koʻtarilgan masalalarni joyining oʻzida oʻrganish va bartaraf etish boʻyicha ikkita komissiya tuzildi. Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xoʻjayev rahbarligidagi komissiyaga uylarning narxlari masalasini oʻrganish, ularni imkon qadar arzonlashtirish boʻyicha taklif ishlab chiqish, qurilish vaziri Abduqahhor Toʻxtayev rahbarligidagi komissiyaga qurilishdagi kamchiliklarni oʻrganish va joyining oʻzida bartaraf etish vazifalari topshirildi.

Bugun ushbu komissiyalarning yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda komissiyalar rahbarlarining hozirga qadar bajargan ishlari haqida axborotlari tinglandi.

Qurilish vaziri 2 686 ta xonadon oʻrganilgani, ulardan 283 tasida kamchilik aniqlangani va bartaraf etilgani, hech kim yashamayotgani sababli 155 ta xonadonni oʻrganish imkoni boʻlmaganini maʼlum qildi.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri respublika miqyosida qurilish materiallarining narxlari tahlil qilinayotgani, ularning katalogi tayyorlanib, davlat tomonidan qurilish tashkilotlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlarning qoʻllanilishi oʻrganilayotgani, bank marjasi va sugʻurta pulini kamaytirish boʻyicha ishlar davom ettirilayotgani haqida axborot berdi.

Komissiyalarning axborotlari tanqidiy muhokama qilindi. Ularga ishni yanada jadallashtirish, komissiyalar faoliyatiga jamoatchilik vakillari, shu xonadonlarda yashaydigan fuqarolarni keng jalb etish zarurligi taʼkidlandi. Ijtimoiy uylar qurilishini biznesga aylantirib yuborishga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy uqtirildi.

Shundan soʻng komissiyalar aʼzolari Sanobarxon Sodirova yashaydigan 18-uy, 45-xonadonda boʻlib, bu yerda bajarilgan qoʻshimcha taʼmirlash ishlari bilan tanishdi.

– Men uyimizning qurilish sifatidan shikoyat qilgan edim, – deydi Sanobarxon Sodirova. – Uch kun ichida hamma kamchiliklar tuzatildi. Ochigʻi, bunday eʼtiborni kutmagan, chala ishlar tezda yakuniga yetkazilishiga ishonmagan edim. Bundan juda xursandmiz.

29-uyda yashovchi fuqarolar ham qoʻshimcha taʼmirlash ishlaridan mamnunliklarini bildirishdi. Shu bilan birga, bu yerda xotin-qizlarning ayrimlari ishsizligi, ish joyi uzoqda boʻlgani uchun qatnashga qiynalayotgani haqida soʻzlashdi. Komissiya tomonidan shu yerning oʻzida qisqa muddatda tikuvchilik korxonasi tashkil qilish va xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha aniq vazifa belgilab olindi.

28-uy ahli bilan muloqotlar ham qizgʻin kechdi.

– Men koʻp mamlakatlarda boʻlganman, – dedi nafaqadagi oʻqituvchi Mavluda Salohiddinova. – Rivojlangan davlatlarda ham aholining koʻpchiligi ijarada yashaydi. Yurtimizda uyga muhtoj fuqarolar uchun mana hozir yoppasiga arzon uylar qurilyapti. Biz ham oʻz uyimizga ega boʻldik. Bularning hammasi uchun avvalo shukr qilishimiz, yoshlarimizni boqimandalikka oʻrgatib qoʻymasligimiz kerak.

Komissiyalar aʼzolari xonadonma-xonadan yurganini eshitib, aholi yigʻila boshladi va ular bilan muloqot qizib ketdi. Hududda infratuzilmani rivojlantirish, qoʻshimcha maktab, maktabgacha taʼlim, tibbiyot muassasalari qurish masalalari oʻrtaga tashlandi.

Komissiya aʼzolari bu yerda davlat dasturlarida koʻzda tutilganidan tashqari yana 4 ta maktab va 4 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 1 ta poliklinika qurilishi shu yilning kuzida yakuniga yetkazilishini taʼkidladi. Transport qatnovi masalalari ham hal etilishi aytib oʻtildi.

– Koʻrib turibsiz, davlatimiz fuqarolar uchun yaxshi sharoitlar yaratayapti, – dedi “Nuroniy” jamgʻarmasi Markaziy Kengashi raisining oʻrinbosari Sharof Ubaydullayev. – Oʻzingiz ayting, oʻtgan yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, oʻz uy-joyiga ega boʻlmagan fuqarolar uchun shunday keng miqyosda uylar qurilganmi? Albatta, yoʻq. Endi oʻzingiz shu uylarda yashayapsiz, kamchiliklari mana tuzatildi. Bu ishlar davlatimizning doimiy nazoratida ekani barchamizni xursand qiladi.

Uchrashuvda hududda mahalla fuqarolar yigʻinlarini tashkil etish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini tuzish va ularning rahbarlarini shu yerdagi faollar orasidan saylash taklifi qoʻllab-quvvatlandi.

Belgilangan barcha ishlar sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida “Nuroniy” jamgʻarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, xotin-qizlar qoʻmitalari faollaridan iborat jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etildi.

Eslatib oʻtamiz, komissiyalar oʻz ishlarini davom ettirmoqda. 11 may kuni uylar qurilishida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish, uylar narxlarini tushirish boʻyicha qilingan ishlar haqida bu yerda yashaydigan fuqarolar oldida batafsil hisobot beriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?