Shifoxona ichki kasalliklar boʻlimini suvaraklar bosib ketgani rostmi? - SSV izohi

17:13 14 Avgust 2019 Jamiyat
74 0

Jizzax viloyati Forish tumanilik R.M. oʻzi davolangan tuman markaziy shifoxonasining ichki kasalliklar boʻlimida sharoit yoʻqligi tufayli xonalarni suvarak (tarakan) bosib ketgani haqidagi videolavha ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaraga sabab boʻlmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu vaziyatni oʻrganib, quyidagilarni maʼlum qiladi.

Forish tuman markaziy shifoxonasida tibbiyotning turli yoʻnalishlari boʻyicha oʻnga yaqin boʻlim faoliyat yuritadi. Shifoxonaning barcha boʻlimlari 2017-2019-yillarda rekonstruksiya qilingan. Xususan, 50 oʻringa moʻljallangan ichki kasalliklar boʻlimi ham joriy yil boshida kapital taʼmirlanib, foydalanishga topshirilgan. Zamonaviy mebellar bilan jihozlangan barcha xonalarda muzlatkichlar bor. Shu bilan bir qatorda boʻlimlarda bemorlar ovqatlanishi uchun maxsus oshxona ham tashkil etilgan.

Shifoxonaning barcha boʻlimlarida sanitariya qoida va meʼyorlariga rioya etilishi ustidan tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati boʻlimi tomonidan doimiy nazorat oʻrnatilgan. Tibbiyot muassasasining barcha boʻlimlarida kuniga uch marta joriy tozalov oʻtkaziladi. Barcha xonalar har haftada mukammal tozalanadi, har chorakda dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya ishlari tashkil etiladi. Oxirgi marta joriy yil 15-iyul kuni ham shunday sanitar tozalov tadbirlari tashkil etilgan.

Oʻrganish jarayonida tibbiyot muassasasining boʻlimlari va xonalarida antisanitariya holatlari aniqlanmagan. Xonalarda suvaraklar va boshqa hasharatlar yoʻq. Buni shifoxonada davolanayotgan boshqa bemorlar ham tasdiqladi.

Maʼlum boʻlishicha, bemor R.M. davolanayotgan paytda shifoxona ichki tartib-qoidalariga rioya qilmagan. Natijada navbatchi shifokor va hamshira uni ogohlantirgan, hatto ish tibbiyot xodimlarining huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilishigacha borib yetgan. Tabiiyki, bu holat R.M.ga yoqmagan va shifokorlardan qasd olish maqsadida ushbu videolavhani uyushtirgan. Buni u oʻz tushuntirish xatida ham qayd etib, shifokorlardan uzr soʻragan.

Shu oʻrinda, yurtdoshlarimizga yana bir bor murojaat qilib, taʼkidlashni istardikki, tibbiyot muassasalarida davolanishning ham oʻz tartib-qoida va masʼuliyati bor. Bunga barcha birdek rioya qilishi, avvalo, shifo istab kelgan har bir insonning sogʻ-salomat oilasi bagʻriga qaytishi uchun muhimdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?