Sherzod Shermatov: gazetalar obunasining tushib ketishiga men aybdor emasman

22:11 16 Mart 2019 Jamiyat
1494 0

Arxiv foto

Abdulla Avloniy nomidagi xalq taʼlimi rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati hamda faxriylar bilan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirda xalq taʼlimi tizimida olib borilayotgan islohotlar, takliflar muhokama qilindi, akademik va fan doktorlari tomonidan maʼruzalar oʻqildi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida xalq taʼlimi tizimida katta islohotlar amalga oshirilmoqda, — deya taʼkidladi Sherzod Shermatov. — Xususan, yosh avlodning bilimli boʻlishi hamda hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun barcha sharoit yaratilayotir. Bu yoʻlda, eng avvalo, oʻqituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Pedagoglar maoshining oshirilishi maktablarga erkak oʻqituvchilarning qaytishiga turtki boʻldi. Nafaqaxoʻrlar pensiyasining toʻliq miqdorda toʻlanishi esa mahoratli oʻqituvchilar tajribasini yoshlarga oʻrgatishga koʻmaklashdi.

Yana shuni taʼkidlashni istardimki, maktablarda majburiy obunani cheklash borasidagi ishlarimizni notoʻgʻri talqin qilayotgan, meni gazeta oʻqimaydigan, matbuotning dushmaniga aylantirib qoʻygan turli xabarlarni eshityapman. Shaxsan mening ish stolimda har kuni gazetalar turadi. Ertalab ishimni “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka” va boshqa gazetalarni oʻqishdan boshlayman. Bu targʻibotni boshqacha talqin qilish notoʻgʻri, deb oʻylayman.

Tadbirda xalqaro taʼlim tizimlari va tadqiqotlari bosqichma-bosqich joriy etilishi hamda iqtidorli bolalarni tarbiyalash uchun Prezident maktablari tashkil etilishi haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, 2019 yil davomida “Oʻqituvchilar maqomi toʻgʻrisida” Qonun qabul qilinishi kutilayotgani aytib oʻtildi. Mazkur hujjat oʻqituvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilab berishi bilan birga, ularning ijtimoiy himoyasiga oid masalalarni ham tartibga soladi.

Davra suhbatida darsliklarning maʼno-mazmuni borasida ham soʻz bordi. Shuningdek, har bir maktabda alohida forma joriy etilishi singari takliflar, fikr-mulohazalar ham bildirilib, muhokama qilindi.

Yulduz Oʻrmonova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?