Sherobod tumaniga yangi hokim tayinlandi

09:57 23 Oktyabr 2019 Jamiyat
284 0

22-oktyabr kuni Xalq deputatlari Sherobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi oʻtkazildi. Unda viloyat hokimi Toʻra Bobolov, tuman Kengashi deputatlari, viloyat va tuman hokimliklari vakillari, korxona va tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining macʼul xodimi Abdulla Tursunov ishtirok etdi.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Boboqulov Oʻral Abrayqulovich boshqa ishga oʻtganligi munosabati bilan Sherobod tumani hokimi vazifasidan ozod qilindi. Shu kungacha viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan Amirov Alisher Xurramovich Sherobod tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Maʼlumot oʻrnida, Amirov Alisher Xurramovich 1977-yilning 19-avgustida Boysun tumanida tugʻilgan. 2001-yilda Toshkent avtomobil-yoʻllar instituti, 2014-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

2016-yilda Surxondaryo viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlangunga qadar, “Oʻzavtoyoʻl” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining oʻrinbosari – bosh muhandisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, sessiyada Yunusov Bahodir Xolyorovich tuman prokurori, Aminqulov Behzod Ibrohimovich tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, Jumayev Shuhrat Allaberdiyevich tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi etib tasdiqlandi.

Sessiyada soʻzga chiqqanlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud imkoniyat va resurslardan samarali foydalanish yoʻlida hamjihatlik bilan mehnat qilib, koʻzlangan marralarga erishish zarurligini alohida taʼkidladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?