Shavkat Mirziyoyevning Samarqandga tashrifi boshlandi

09:50 26 Iyul 2019 Siyosat
206 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 26-iyul kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 11-yanvar kuni viloyatga tashrifi chogʻida koʻplab istiqbolli loyihalar bilan tanishgan, viloyat faollari ishtirokida yigʻilish oʻtkazib, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlamini kengaytirish, sanoat, turizm, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalarni belgilab bergan edi.

Oʻtgan davr mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2019-2020-yillarda amalga oshirilishi belgilangan umumiy qiymati 19,6 trillion soʻm boʻlgan 987 ta loyihaning 572 tasi boʻyicha 2,3 trillion soʻmlik investitsiyalar oʻzlashtirilib, 300 ta loyihalar toʻliq foydalanishga topshirildi. 4 ming 367 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etish boʻyicha yilning birinchi yarmida 88,2 million AQSH dollari oʻzlashtirildi. Bu 2018-yil bilan taqqoslaganda qariyib 1,5 barobarga yoki 29,9 million dollarga koʻpdir.

Xususan, Samarqand shahridagi “Aziya Metal Prof” masʼuliyati cheklangan jamiyatida metalni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish maqsadida Xitoy davlatidan 10 million dollar investitsiya kiritildi. Tayloq tumanidagi “Pet Agro Oil” korxonasida oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish va qadoqlash loyihasi uchun Turkiya va Singapur davlatlaridan umumiy qiymati 7 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etildi.

Samarqand shahri aholisining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish, zamonaviy turar joy massivlari barpo etish maqsadida 2018-yilda Samarqand tumanining Qorasuv massividan 50 gektar yer maydoni ajratilib, koʻp qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha obyektlari bunyod etilgan edi. Davlatimiz rahbari 11-yanvar kuni “Obod maskan” deb nom olgan ushbu mahallada boʻlib, yangi uy-joylar va bu yerda aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishgan edi. Qurilish ishlarini keng koʻlamda davom ettirish boʻyicha topshiriqlar bergandi. Ana shu topshiriq asosida mazkur hududdan 16,4 gektar yer maydoni ajratilib, “Agromir bildings” qurilish kompaniyasi tomonidan 2019-yilda 18 ta va 2020-yilda 59 ta koʻp qavatli uylar qurilishi belgilangan. Ayni paytda qurilish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda.

Joriy yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida viloyatdagi 42 qishloqda qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 407,1 milliard soʻm mablagʻlar yoʻnaltiriladi. Hozirgacha dastur doirasida barcha manbalar hisobidan 111,1 milliard soʻm moliyalashtirilib, 246,7 milliard soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Ushbu mablagʻlar hisobidan 10 ming 160 ta yakka tartibdagi va 38 ta koʻp qavatli uy joy taʼmirlandi. 164,8 kilometr suv tarmogʻi tortildi, 2 ta suv inshooti va 10 ta suv minorasi rekonstruksiya qilindi. 244 kilometr elektr tarmoqlari va 116 ta transformator yangilanib, mukammal taʼmirlandi, 1227 ta tayanch ustunlar almashtirildi. 12,6 kilometr gaz tarmoqlarni taʼmirlandi, aholiga 5541 dona suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi. 268,8 kilometr ichki yoʻllar, 62,4 kilometr piyodalar yoʻlaklari taʼmirlandi. Shu paytgacha 11 ta bozor infratuzilma obyektlari foydalanishga topshirilgan boʻlsa, 205 ta obyektda qurilish-obodonlashtirish hamda 55 ta ijtimoiy soha obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari davom etmoqda.

“Obod mahalla” dasturi doirasida Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shaharlaridagi 6 mahallada qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bunga 49,7 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Hozirgacha, dastur doirasida 25,3 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Shuningdek, “Obod markaz” dasturi boʻyicha Paxtachi tuman markazida keng koʻlamli qurilish-obodonlashtirish yumushlari amalga oshirilmoqda. Tuman markazining yangi rejalashtirish loyihasi ishlab chiqildi va 15 ta yangi obyekt joylashtirildi.

Joriy yilgi investitsiya dasturida viloyatda 565,7 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirilib, 151 obyektda qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytda ushbu obyektlarda 472,4 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. 22 maktab, 8 tibbiyot muassasasi va 12 ta ichimlik suv obyektlarida belgilangan ishlar yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

Bu yil viloyatda 804,8 kilometr yoʻl qurilish ishlari koʻzda tutilib, yilning birinchi yarmida 474,8 kilometr masofada yoʻl qurilish ishlari yakunlandi. Sayyohlikni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlar tufayli joriy yilning yanvar-iyun oylarida viloyatga 1 million 433 ming turist tashrif buyurdi. Ularning 227 ming nafarini xorijlik sayyohlar tashkil etadi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar koʻpdir.

Albatta, bunday oʻsish suratlari sohaga investitsiyalarni faol jalb etish, sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirishni taqozo etadi. Shu maqsadda viloyat miqyosida 3,29 trillion soʻmlik 46 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Uning 348,3 million dollari xorijiy investitsiyalar hisobiga toʻgʻri keladi. Jumladan, 37 ta loyiha zamonaviy mehmonxonalar qurilishi bilan bogʻliq boʻlib, ularning umumiy qiymati 1,855 trillion soʻmni tashkil etadi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugun Samarqand viloyatida barcha sohalarda islohotlar izchil davom etib, bu viloyat iqtisodiyotini mustahkamlash, aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi ham viloyat hayotida yangi sahifa ochib, istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etishga keng yoʻl ochishi shubhasiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?