Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev telefon orqali muloqot qildi

18:42 11 Oktyabr 2018 Siyosat
388 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 oktyabr kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Muloqotda davlat rahbarlari oliy darajadagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlar doirasida koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari oʻzaro savdo aylanmasi hajmi izchil ortib, nomenklaturasi kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Hududlararo hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.

Sanoat, energetika, transport-kommunikatsiya, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda aniq qoʻshma loyihalar boʻyicha ishbilarmonlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Madaniy-gumanitar, taʼlim, sogʻliqni saqlash va turizm sohalaridagi faol hamkorlikni davom ettirish muhimligi, bu mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Tomonlar eng muhim masalalar, jumladan, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda samarali kurashish boʻyicha yondashuvlari mushtarak ekanini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yoʻlida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?