Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidentini tabrikladi

17:25 28 Iyun 2019 Siyosat
491 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Turkmaniston Prezidentini tugʻilgan kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va muvaffaqiyat tiladi.

Bugungi Turkmaniston Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov rahbarligida davlat va jamiyat qurilishi sohasida, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida ulkan yutuqlarga erishayotgani alohida qayd etildi.

Turkmanistonning xalqaro nufuzi izchil yuksalib borayotgani taʼkidlandi. Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ushbu tashkilot va Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida navbatdagi rezolyutsiya qabul qilingani, 2020-2021-yillarda mamlakatda sambo va trek velosporti boʻyicha jahon chempionatlari oʻtkazilishi bundan dalolat beradi.

Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy siyosatga doir dolzarb masalalarni koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish, transport, energetika, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi kooperatsiyani kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Prezidentlar Hukumatlararo qoʻshma komissiya ishini faollashtirish, shuningdek, chegaradosh hududlar oʻrtasidagi samarali ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar hamkorlikni davom ettirish lozimligini aytib oʻtdilar.

Muloqot soʻngida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi, butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror taraqqiyoti yoʻlida Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi intilish qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?