Shavkat Mirziyoyev Tohir Malikning vafoti munosabati bilan marhumning oila-aʼzolariga taʼziya bildirdi

16:49 18 May 2019 Siyosat
423 0

Oʻzbek adabiyoti va madaniyati ogʻir judolikka uchradi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, taniqli publitsist va tarjimon Tohir Malik – Tohir Abdumalikovich Hobilov 2019 yil 16 may kuni ogʻir xastalikdan soʻng 73 yoshida vafot etdi.

Tohir Malik 1946 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)da tahsil oldi.

Boʻlgʻusi adib oʻz mehnat faoliyatini Toshkent qurilish-montaj boshqarmasida oddiy gʻisht teruvchi sifatida boshladi. Badiiy ijodga, soʻz sanʼatiga boʻlgan kuchli intilishi tufayli keyinchalik yurtimizdagi bir qator ommaviy axborot vositalarida, jumladan, “Tong yulduzi” gazetasida, Oʻzbekiston radiosida, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotlarda, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida turli vazifalarda samarali xizmat qildi.

Katta hayot va ijod tajribasiga ega boʻlgan Tohir Malik Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ham birmuncha vaqt faoliyat koʻrsatib, milliy adabiyotimizni rivojlantirish, isteʼdodli yosh yozuvchi va shoirlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qizgʻin ish olib bordi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida Davlat mukofotlari qoʻmitasi masʼul kotibi sifatida ijodkor ziyolilarning mehnatini moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirishda ishtirok etdi.

Yorqin isteʼdod egasi oʻzidan boy va betakror ijodiy meros qoldirdi. Uning Vatanimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuygʻulari mahorat bilan tarannum etilgan badiiy asarlari, kinossenariylari, dolzarb mavzulardagi publitsistik maqolalari el-yurtimiz qalbidan chuqur joy oldi.

Tohir Malik oʻzbek adabiyotida badiiy fantastika, sarguzasht janrlarining rivojiga katta hissa qoʻshdi. “Ozod inson haqida qoʻshiq”, “Soʻnggi oʻq”, “Shaytanat”, “Mehmon tuygʻular”, “Odamiylik mulki” kabi koʻplab asarlari milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib oʻrin egalladi.

Xalqimiz tarixining eng ogʻir davrlarini badiiy yoʻl bilan tasvirlash va jamoatchilikka yetkazishda ham adib ibrat koʻrsatdi. Ayniqsa, uning oʻzbek maʼrifatparvar ziyolilarining murakkab hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan tarixiy asarlari katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir.

Tohir Malik yetuk tarjimon sifatida jahon adabiyotining sara namunalarini ona tilimizga mahorat bilan oʻgirib, kitobxonlarimizni ulardan bahramand qilish borasida ham samarali mehnat qildi.

El suygan adib jonkuyar tashkilotchi sifatida jamoat ishlarida, madaniy va maʼrifiy jarayonlarda faol ishtirok etdi. Umrining oxiriga qadar Ichki ishlar vazirligi akademiyasida oʻzbek tili, maʼnaviyat asoslaridan saboq berib, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda jonbozlik koʻrsatdi.

Zahmatkash adibning oʻzbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish yoʻlidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoni, “Doʻstlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Atoqli adib, mehribon ustoz, kamtarin inson Tohir Malikning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, N.Yoʻldoshev, N.Ismoilov, A.Aripov, J.Ortiqxoʻjayev, S.Saidov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?