Prezident ishtirokida Oliy Majlis Senatining yalpi majlisi boʻlib oʻtdi

19:19 21 Iyun 2019 Siyosat
596 0

Toshkentda 21-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

– Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bugungi yalpi majlisi barqaror milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichida, jamiyatimiz hayotining barcha soha va tarmoqlarida keng koʻlamli va shiddatli demokratik islohotlar jadal olib borilayotgan masʼuliyatli bir davrda boʻlib oʻtmoqda, – dedi davlat rahbari.

Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar xalqimizning fidokorona mehnati tufayli izchil amalga oshirilayotgani, milliy iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.

Prezident xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini yanada yaxshilash, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish bilan bogʻliq vazifalarni bajarishda Senatning roli va taʼsirini oshirish zarurligini taʼkidladi.

Milliy va hududiy manfaatlar nuqtai nazaridan qonunlar ishlab chiqilishida senatorlarning faolligini oshirish, ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish, xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Senatning xalqaro yoʻnalishdagi faoliyatini kuchaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

– Biz Senat deganda, birinchi navbatda milliy parlamentimizning siyosiy, huquqiy va madaniy saviyasini amalda namoyon etadigan, xalq manfaatlarining chinakam ifodachisi va haqiqiy himoyachisi boʻlgan katta bir kuchni tasavvur qilamiz. Senator – bu xalqning yuksak ishonchini qozongan vakil. Xalqimiz oldida hammamiz masʼul va javobgarmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari oʻz nutqida xotin-qizlar uchun munosib ish va turmush sharoitlari yaratish, ularni ijtimoiy himoya qilish, ayollarning sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish masalalariga alohida urgʻu berdi.

– Bir narsani tan olish kerak: ayollar xalqning dardini boshqalardan koʻra chuqur his qiladi. Bu yil dekabr oyida Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarda mehnatkash va oqila ayollarimiz qanchalik koʻp saylansa, bundan davlatimiz ham, jamiyatimiz ham faqat naf koʻradi, – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi qoʻmita – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha qoʻmita tuzishni taklif etdi.

Maʼlumki, 2015-yildan buyon Senat Raisi boʻlib ishlagan Nigʻmatilla Yoʻldoshev Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlangani munosabati bilan lavozimidan muddatidan oldin ozod etilgan edi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasiga asosan, Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Tanzila Norboyeva nomzodini taklif etdi.

Yuqori palata aʼzolari nomzod toʻgʻrisida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar. Soʻzga chiqqanlar Tanzila Norboyeva bilim va tajribasi, vatanparvarligi, jamiyatdagi obroʻ-eʼtibori, insoniy fazilatlari bilan ushbu lavozimga munosibligi, Senat faoliyatini bugungi kun talablari asosida takomillashtirish boʻyicha Prezident nutqida bayon etilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qodir ekanini taʼkidladilar.

Senatorlar tomonidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Senat Raisi lavozimiga Tanzila Norboyeva saylandi.

Tanaffusdan soʻng Oliy Majlis yuqori palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etildi.

Majlisda koʻrilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?