Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Bosh vazirini qabul qildi

19:34 21 Iyun 2019 Siyosat
323 0

21-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida oʻzaro manfaatli hamkorlik jadallashib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oʻz navbatida, Asqar Mamin Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayevning salomlari va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda qardosh mamlakatlarimiz rahbarlari darajasidagi muntazam uchrashuvlar va ishonchga asoslangan muloqot ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga xizmat qilib, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.

Bugun ilk bor hukumat rahbarlari darajasida oʻtkazilgan Hukumatlararo komissiya majlisi savdo, investitsiyalar, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, turizm va boshqa yoʻnalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surishning samarali mexanizmi ekani qayd etildi.

Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish, jumladan, Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasidagi qoʻshma tadbirlarni oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratildi.

Qozogʻiston Bosh vaziri Asqar Mamin koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni soʻzsiz roʻyobga chiqarish borasidagi intilishi qatʼiy ekanini taʼkidladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?