Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha Jahon chempionatining ochilish marosimida ishtirok etadi

15:46 13 Iyun 2018 Siyosat
1108 0

Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha Jahon chempionatining ochilish marosimida ishtirok etadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov o‘zining Feysbukdagi sahifasida ma’lum qildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan futbol bo‘yicha jahon chempionatining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 2018 yil 14 iyun kuni Moskva shahriga tashrif buyuradi” deyiladi xabarda.

Oldinroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ertaga Moskvaning “Lujniki” stadionida bo‘lib o‘tadigan JCH-2018 ochilish marosimida ishtirok etadigan yuqori martabali mehmonlar haqida ma’lum qilgan edi.

Unga ko‘ra, jahon chempionatining ochilish marosimiga Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Boliviya Prezidenti Evo Morales, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Panama Prezidenti Xuan Karlos Varela, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Paragvay Prezidenti Orasio Kartes, Ruanda Prezidenti Pol Kagame, shuningdek, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Livan Bosh vaziri Saad Xariri va KXDR parlamenti raisi Kim Yon Nam ishtirok etishi ma’lum bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 14 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da Jahon chempionatining ochilish uchrashuvi “Lujniki” stadionida bo‘lib o‘tadi va unda Rossiya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘zaro maydonga tushadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?