Shavkat Mirziyoyev Fargʻonada “Har bir oila tadbirkor” dasturi boʻyicha 486 mlrd soʻm imtiyozli kredit ajratishga topshiriq berdi

12:58 07 May 2019 Siyosat
502 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyati faollari ishtirokidagi yigʻilishda aholini ish bilan taʼminlash, daromadlarini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

“Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan oilalarni aniqlab, ikki-uch oy ichida ularga jami 486 milliard soʻm miqdoridagi imtiyozli kreditlarni toʻliq ajratish zarurligini taʼkidladi.

Fargʻona – mohir hunarmandlar, usta dehqonlar yurti. Bu yerning koʻnchilik, bogʻdorchilik anʼanalari – tayyor brend.

Bundan foydalanib, viloyatda charm va poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshimcha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, “Charm-attorlik markazi”ni tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Kelgusi ikki yilda Oltiariq tumanida 3 ming gektar maydonda uzumchilik, Quva tumanida 2 ming gektarda anorchilik, Quvasoy shahrida 2 ming gektar maydonda giloschilik klasterlari tashkil etilishi maʼlum qilindi. Ushbu klasterlar oʻzlari meva yetishtirish bilan birga aholidan ham sotib oladi. Buning uchun xonadonlarga 15 million dona uzum, 10 million dona gilos va 5 million dona anor koʻchatlari yetkazib beriladi. Bu ham aholi daromadlarini, ham viloyat eksport salohiyatini oshiradi.

Yaqin yillarda Oltiariq tumanini toʻliq uzum yetishtirishga ixtisoslashtirish, ilmiy tadqiqot institutlari va Toshkent davlat agrar universiteti olimlarining tavsiyalari asosida bogʻ va tok qator oralarida bozorbop sabzavotlar yetishtirish rejalashtirilgani taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?