Shartnomadagi shartlarning buzilishi holatlari qanday bartaraf etildi?

09:57 15 Avgust 2019 Jamiyat
26 0

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning Davlat reyestri, oddiy soʻz bilan aytganda monopolist-korxonalar reyestri yuritiladi.

Ayrim monopolist-korxonalarning faoliyat yuritishining oʻziga xos xususiyatlaridan biri ularni shartnomalarga har xil kamsituvchi shartlarni kiritishidir. Bu esa oʻz navbatida isteʼmolchilar va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquq va manfaatlarini buzilishiga olib keladi.

Bu kabi xatti-xarakatlar Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi talablariga zid hamda ustun mavqeni suiisteʼmol qilish sifatida eʼtirof etiladi.

Oʻtkazilgan oʻrganish va tahlillar natijasida “Bektemir-spirt ekspermental zavodi” AJ, “Andijon biokimyo zavodi” AJ va “Qoʻqonspirt” AJ tomonidan tuzilgan shartnomalarda shu kabi xolatlar aniqlandi.

Aksariyat xollarda, xoʻjalik yurituvchi subyektning tuzilgan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish yoki bajarmaslik javobgarligi bilan bogʻliq boʻlgan shartlarda kontragentlarga monopolistlarga nisbatan ogʻirroq moliyaviy va boshqa majburiyatlar qoʻyilgan.

Misol uchun, shartnoma shartlarini bajarmaslik yoki oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun toʻlanadigan penya summasi kontragentga shartnoma summasining 50 foizi miqdorida oʻrnatilgan boʻlsa, monopolist “Bektemir-spirt ekspermental zavodi” AJ atigi 20 foiz miqdorida oʻrnatilgan, shuningdek, sotib olishdan bosh tortganlik uchun toʻlanadigan penya miqdori kontragent uchun – 20 foiz qilib oʻrnatilgan boʻlsa, monopolist tomonidan taqdim etilgan mahsulot sifatiga mos kelmasa, faqatgina 5 foiz penya toʻlanadi deb qayd etilgan.

Xuddi shunna oʻxshash xolatlar “Andijon biokimyo zavodi” AJ va “Qoʻqonspirt” AJ shartnomalarida xam kuzatilib, unda shartnoma shartlarini bajarmaslik yoki oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun kontragent tomonidan toʻlanadigan penya miqdori shartnoma summasining 50 foizi miqdorida belgilangan bir vaqtda, monopolist uchun umuman javobgarlik nazarda tutilmagan.

Natijada, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan “Bektemir-spirt ekspermental zavodi” AJ, “Andijon biokimyo zavodi” AJ va “Qoʻqonspirt” AJga raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzilishi holatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan tuzilgan amaldagi shartnoma shartlarini qayta koʻrib chiqish va shartnomalarni qaytadan tuzish boʻyicha talabnomalar yuborildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?