Sharq mamlakatlari xalqaro munosabatlari transformatsiyasi sharqshunos-siyosatshunoslar nigohida

03:36 18 May 2020 Jamiyat
200 0

Global pandemiya sharoitida yuz berayotgan tub oʻzgarishlar oʻz-oʻzidan siyosiy jarayonlarga ham sezilarli darajada taʼsir koʻrsatmoqda. Ushbu jarayonlarda Sharq mamlakatlari siyosati va xalqaro munosabatlarini chuqur tahlil qilish, ularni tajribasi va salohiyatini ilmiy jihatdan toʻgʻri baholash va xolisona xulosa chiqarish singari masalalar sharqshunos-siyosatshunoslar oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-aprelda qabul qilgan “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorida ham Sharq mamlakatlari siyosati, ularning xalqaro maydondagi nufuzi, Sharq zamonaviy siyosiy jarayonlarini ilmiy jihatdan oʻrganish, mazkur yoʻnalishda ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash hamda mahalliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish masalalari alohida qayd etiladi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston zamonaviy tashqi siyosat va diplomatik faoliyatida Sharq mamlakatlari asosiy ustuvor yoʻnalish ekanligini eʼtiborga olgan holda qayd etish mumkinki, bugungi kunda yetuk va professional sharqshunos-siyosatshunos kadrlarga boʻlgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda va bu istiqbolda ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ana shunday oʻta masʼuliyatli, muhim vazifalarni amalga oshirishda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Chunonchi, 2020-yilning 16-may kuni universitetning “Sharq siyosati va xalqaro munosabatlar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan “Sharq mamlakatlaridagi xalqaro munosabatlarning zamonaviy transformatsiyasi” mavzusidagi onlayn ilmiy-amaliy konferensiya yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirish yoʻlida oʻziga xos amaliy qadamga aylandi, deb aytsak mubolagʻa boʻlmaydi. Mazkur tadbirni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G.Rixsiyeva kirish soʻzi bilan ochib berar ekan, Sharq mamlakatlari siyosiy taraqqiyoti xususiyatlari va rivojlanish modellarini kompleks tadqiq etish va Oʻzbekistonning Sharq davlatlari bilan oʻzaro munosabatlarini rivojlantirish jarayonlarida ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish koʻp jihatdan “Sharq siyosati va xalqaro munosabatlar” kafedrasi professor-oʻqituvchilari, doktorantlari, tadqiqotchilari tashabbusi asosida tashkil etilgan yuqoridagi singari ilmiy anjumanlar tashkil etilishiga, Sharq davlatlari tarixi va siyosatini chuqur tadqiqot izlanishlarida aks ettirilishiga, qolaversa iqtidorli talabalarni bu jarayonlarga yana-da kengroq jalb etilishiga chambarchas bogʻliq, deya taʼkidladi. Universitet Yosh olimlar Kengashi raisi D.Sayfullayev tadbir avvalidagi kirish nutqida mamlakatimizning Sharq makonidagi tashqi siyosiy faoliyati xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ushbu konferensiya oʻz nomi bilan Sharq mamlakatlarining tillari, siyosati va tarixidan chuqur xabardor, zamonaviy bilimlarni mukammal egallagan ham sharqshunos, ham siyosatshunos olimlar, tadqiqotchilar va soha ekspertlarini bir joyda toʻplagan anjuman ekanligini alohida eʼtirof etdi. Konferensiya yalpi majlisining maʼruzalar qismida soha olimlari oʻzlarining qiziqarli ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etishdi. Xususan, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori Sh.Yovqochev Oʻzbekistonda dunyoviy jamiyat shakllanishi jarayonlarida islomning oʻrni va roli, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti prorektori X.Umarov Xitoy “aqliy markazlari” haqida dolzarb va qiziqarli maʼlumotlarni taqdim etishgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi “Davlat boshqaruvining siyosiy asoslari” kafedrasi mudiri A.Jalilov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori I.Mavlanov va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Sharq siyosati va xalqaro munosabatlar” kafedrasi professorlari N.Qosimova va R.Jumayev maʼruzalarida pandemiyaning global xususiyatlari va hozirgi jahon tartiboti transformatsiyasi xususida atroflicha soʻz yuritildi. Jumladan, siyosiy fanlar doktori, professor R.Jumayev oʻz maʼruzasida quyidagi masalalarga eʼtiborni qaratdi: “Hozirgi vaqtda pandemiya transformatsiyasi natijasida uning oqibatlari qanday boʻladi, uni qanday prognozlashtirish, modellashtirish zarur, bu sharoitda qanday optimal qarorlar qabul qilish muhimligi ustida fikr yuritish lozim. Siyosiy fanlar tizimida paradigmalarni qayta koʻrib chiqish, ayniqsa bu borada rivojlangan Sharq mamlakatlar tajribasi asosida yangi ilmiy modellar ishlab chiqish zarur”. Konferensiyaning xorijlik mehmoni Ural Federal universiteti “Xalqaro munosabatlar tarixi va nazariyasi” kafedrasi dotsenti K.Muratshina Oʻzbekiston va Rossiya gumanitar aloqalari turli jabhalarda rivojlangani sayin nafaqat bu aloqalarni har birini oʻrganish, balki ularni rivojlanish darajasini baholash akademik jamiyatlar uchun nihoyatda muhim ekanligini taʼkidlab, bunga asosiy sabab sifatida ushbu sohalarda ilmiy tadqiqotlar va OAVlarida maʼlumotlar almashinuvi tanqisligi sezilarli boʻlganiga alohida urgʻu berdi. Siyosiy fanlar doktori, professor S.Joʻrayev esa Oʻzbekiston mintaqaviy siyosati xususida soʻz yuritar ekan, “Oʻzbekiston xalqaro imijini mustahkamlashga qaratilgan eng asosiy omillardan biri bu uning yangi mintaqaviy diplomatiyasidir”, deb oʻz fikr-mulohazalarini tizimli tarzda bayon etdi.

Bundan tashqari, anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar markazi ilmiy xodimlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar vakillari, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-oʻqituvchilari, doktorantlari, mustaqil tadqiqotchilar, sohaning yetuk mutaxassislari, yosh olimlar va talabalar onlayn tarzda ishtirok etishdi.

Alohida taʼkidlash kerakki, anjumanning Mintaqaviy va global tahdidlar sharoitida Sharq davlatlarining siyosiy transformatsiyasi muammolari va istiqbollari”“Xorijiy Sharq mamlakatlari raqamli tashqi siyosati” hamda“Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatidagi yangi tendensiyalar” singari dolzarb shoʻbalarda ish olib borishi va maʼruzalardan soʻng savol-javob va muhokamalarning qizgʻin davom etishi konferensiyaning ahamiyatiga sezilarli ravishda ilmiy jilo bagʻishladi. Konferensiya yakunida anjuman ishtirokchilari hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatida Sharq mamlakatlari bilan aloqalarni yana-da rivojlantirishga doir oʻz ilmiy-amaliy tavsiya va takliflari boʻyicha qarorlar qabul qilishdi va tegishli idora hamda vazirliklarga oʻrganib chiqish uchun taqdim etildi. Sharq mamlakatlaridagi xalqaro munosabatlarning zamonaviy transformatsiyasi boʻyicha tadqiq etilgan tezislar va maqolalar asosida konferensiya toʻplamini nashr etishga kelishib olindi.

Umuman olganda, Oʻzbekistonning Sharq mamlakatlari bilan munosabatlari jadal rivojlanib bormoqda. Bu esa oʻz-oʻzidan zamonaviy Sharq dunyosi tillari, tarixi va siyosiy tafakkurini puxta va sinchiklab oʻrganishni taqozo etadi. Shu nuqtayi nazardan, sharqshunos-siyosatshunoslar ilmiy jamoatchiligi oldida ham bunday munosabatlar bilan hamohang tadqiqotlarni izchil davom ettirish vazifasi tobora dolzarblashib boradi.

Suhrob BOʻRONOV

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

Sharq siyosati va xalqaro munosabatlar” kafedrasi

tayanch doktoranti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?