Sharof Rashidov bagʻriga bosgan oʻzbek pahlavon bokschisini bilasizmi?

11:23 22 Oktyabr 2019 Sport
792 0

Illyustrativ foto

“Qoʻllar ishlaydi, koʻzlar koʻradi. Kapalakdek qanot qoqib, aridek chaq”. Bu — dunyo boks olami afsonalaridan biri tomondan aytilgan soʻzlar — oltin qoidalar. Ammo kamdan-kam “charm qoʻlqop” ustalarigina mazkur murakkab vazifaning uddasidan chiqa olganlar. Ayniqsa, ogʻir vaznli bokschilar orasida ular soni barmoq bilan sanarli. Ana shunday kamyob qobiliyat sohiblaridan biri, hamyurtimiz, oʻzbek boksi tarixi iftixori Xolmatjon Sodiqov edi.

Alpqomat oʻquvchi

Bundan yetmish yetti yil muqaddam, Fargʻona viloyatida, Roʻzali domla va Mayramxon opa oilasida tavallud topgan Xolmatjon Sodiqov bolaligidanoq jismonan baquvvatligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Yoshligidan sportning boks turiga ixlos qoʻyib, astoydil shugʻullana boshlagan. Oʻz navbatida, ota-onasiga dehqonchilik yumushlarida ham yaqin koʻmakchi boʻlgan.

Xabaringiz bor, oʻsha paytlarda paxta yigʻim-terimiga keksayu yosh yoppasiga olib chiqilgan. Hasharchilarga tushlik tayyorlaydigan oshpazlar maktab oʻquvchisi, kichik yoshli, ammo alpkelbat Xolmatjondan doim ichimlik suvi olib kelib berishini soʻrashar ekan. U 80 litrli suv toʻla bochkani 1 kilometr masofadan tashib keltirganini sinfdoshlari hamon hayrat bilan eslashadi.

Sharof Rashidov bagʻriga bosgan oʻzbek pahlavoni

Tinimsiz mashgʻulotlar oʻz samarasini uzoq kuttirmadi. Qahramonimiz 9-sinfdayoq Margʻilon shahri birinchiligida shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtariladi. Maktab davridagi peshqadamlikni armiyada ham qoʻldan boy bermadi. 19 yoshida harbiy xizmatga chaqirilgan Xolmatjon Turkiston harbiy okrugi boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada birinchi oʻrinni egallab, harbiy xizmatdan qaytguniga qadar gʻoliblik maqomini munosib himoya qildi. Shu-shu, boks hayoti mazmuniga aylandi. Fargʻona davlat universitetining jismoniy tarbiya fakultetini namunali tamomlagach, bu sohada professional faoliyatga kirishdi. Qarangki, togʻni ursa talqon qiladigan oʻzbek yigiti 1963-yildan 1980-yilgacha Oʻzbekiston chempionligini hech kimga bermay kelgan. Yaʼni 17 yil mobaynida mamlakatda tengsiz deya eʼtirof etilgan. Bu sobiq ittifoq davrida uncha-buncha sportchining qoʻlidan keladigan natija emasdi. Oʻsha paytlari Oʻzbekistonning birinchi rahbari boʻlgan Sharof Rashidov Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida X. Sodiqovni “Oʻzbekiston pahlavoni!” deya bagʻriga bosib, quchoqlab koʻrishgan ekan. Ana shu manzarani yoshi kattalar hali-haligacha alohida mamnuniyat bilan yodga olishadi.

Shu oʻrinda yana bir ibratli voqea. Xolmatjon aka 1968-yilda Suriyada oʻtkazilgan nufuzli xalqaro musobaqada oltin medalga sazovor boʻladi. Shu davrda sobiq ittifoqning ushbu davlatdagi elchisi, vatandoshimiz A. Muhidinov yordami bilan bokschimiz Saudiya Arabistonining Makka shahrini ziyorat qilish sharafiga erishgan. Oʻsha davrdagi mashʼum siyosat hisobga olinsa, bu oʻzbek farzandi uchun kamida qahramonlik edi. Ammo yurakda chin ixlos boʻlsa, Yaratganning oʻzi qoʻllab-quvvatlayveradi. Ana shu qatʼiyat bokschimizga ringda ham beqiyos ruhiy-maʼnaviy va jismoniy kuch baxsh etgan boʻlsa ne ajab...

Gʻalabaga boʻlgan ishonch hech qachon soʻnmagan

Boks boʻyicha sport ustasi, murabbiy S. Boʻtayevning aytishicha, 1979-yili avvaliga Germaniyada, soʻng Estoniyada ketma-ket xalqaro turnirlar tashkil etilgan. Xolmatjon Sodiqov mazkur yirik musobaqalarning har ikkisida ham ogʻir vazn toifasida qatnashib, finalga chiqqan. Yakunda esa gʻaroyib natija qayd etgan. Gap shundaki, u hal qiluvchi bahslarning har ikkisida dastlabki ikki raundni qoʻldan boy beradi va uchinchi raundda raqiblarini nokautga uchratadi. Ha, nokautga! Bunday kutilmagan holatdan barcha hayratda qoladi. Xolmatjon Sodiqov inson irodasi nimalarga qodir ekanligini faqat Gollivud filmlarida emas, balki oʻzbek oʻgʻlonining xatti-harakatlarida ham koʻrish mumkinligini butun dunyoga isbotlab bera oldi.

Hayot va sportni sevgan va boshqalarni ham shunga undagan ota

Xolmatjon Sodiqov Qunduzxon aya bilan turmush qurib, baxtli hayot kechirdi. Ikki farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdi, uyli-joyli qildi. Sakkiz nafar nabiraning bobosiyu buvisi boʻlishdi.

Afsuski, shafqatsiz oʻlim ana shunday ibrat timsoli boʻlgan hamyurtimizni hayotdan olib ketdi. Shogirdlarining aytishicha, Xolmatjon ota Sodiqov umrining oxiriga qadar hayotni sevgan, vaqtning qadriga yetgan, badantarbiya mashqlarini kanda qilmagan va boshqalarni ham shunga daʼvat etgan.

— Menga oʻz akamdek yaqin inson boʻlgan Xolmatjon Sodiqov barvaqt oramizdan ketdi, — deydi Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi V. Fen. — Boks boʻyicha 17 karra Oʻzbekiston chempioni, xalqaro musobaqalar gʻolibi, yetakchi murabbiy hamda xizmat koʻrsatgan sport ustasi sifatida Vatanimiz sharafini butun dunyoga tanitishda Xolmatjon Sodiqovning xizmatlari buyuk. U juda kamtarin, koʻngli ochiq va xushchaqchaq inson boʻlgani uchun hamisha oʻz atrofiga barcha doʻstlarini birlashtirishga qodir edi. Har doim bizni sport bilan muntazam shugʻullanish va hayotni qadrlashga chorlaganlar.

Binobarin, Xolmatjon Sodiqov oʻzbek boksi maktabi va uning shonli tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Uning nomi Sidney Jakson, Andrey Borzenko, Rufat Risqiyev, Vladimir Yudin, Abdulla Qodir-Oxunov, Botir Usmonov, Boris Niyozov, Feliks Pak, Zoir Abduqodirov, Vladimir Shin, Gamlet Ilyosov, Artur Grigoryan, Narimon Otayev kabi afsonaviy bokschilar qatorida tilga olinadi.

Aslida hayot ham ring misoli. Oʻzidan yaxshi nom, ezgu amal, hayotga muhabbat tuygʻularini qoldirib ketgan inson esa haqiqiy ring qirolidir. Xolmatjon Sodiqov qalblarimizda ana shunday gʻoliblikka munosib vatandoshimiz boʻlib qolaveradi.

Saidjon MAXSUMOV 
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?