Shargʻun shaharchasini obod qilish kimlarnidir norizo qilish evaziga boʻladimi?

15:26 03 Iyul 2019 Jamiyat
549 0

Foto: "Xalq so'zi"

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Shargʻun shaharchasida istiqomat qiluvchi “Ishonch-1” kichik korxonasi taʼsischisi Rayimqul Suvonqulov tahririyatimizga murojaat yoʻllab, korxonasiga qarashli Shargʻun shahar, “Feruz” mahallasi, mustaqillik koʻchasida joylashgan 191, 15 kv.m. dan iborat boʻlgan aholiga maishiy xizmat, komyuter va avtoulovlarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasi noqonuniy buzib tashlangani, ammo buzilgan inshoot evaziga kompensatsiya toʻlab berilmayotgani haqida shikoyat qilgan. Ushbu murojaat joyiga chiqib oʻrganildi.

Maʼlumot oʻrnida. Davlatimiz rahbari yaqinda Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Sariosiyo tumanida boʻlib, respublika boʻysunuvidagi Shargʻun shaharchasini obod markazga aylantirish boʻyicha koʻrsatmalar bergandi. Shunga koʻra, hozirda hududda keng koʻlamli qurilish, taʼmirlash hamda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

“Men Sariosiyo tumani Shargʻun shaharchasida istiqomat qiluvchi bir fuqaro sifatida hududimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlarni ijobiy baholayman. Ammo, hududni obod qilish, yangi inshootlarni qurish ishlari men kabi oddiy fuqarolarni norizo qilish evaziga amalga oshirilmasligi kerak, deb oʻylayman.

Gap shundaki, 2007-yili oʻsha vaqtdagi Shargʻun shahar hokimi X. Mingboyev, Sariosiyo tumani hokimi P. Madiyev tomonidan tegishli qarorlar asosida Shargʻun shaharchasi mustaqillik koʻchasi hududidan “Aholiga maishiy xizmat koʻrsatish, kompyuter va avtoulovlarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasi” qurish uchun yer maydoni ajratilgandi. 2007-yil 5-yanvar sanasida imzolangan dalolatnomaga binoan ajratilgan mazkur yer maydoni shaharsozlik, sanitariya-texnik normalarga mos kelishi mutasaddilar tomonidan tasdiqlangan. Shundan soʻng, oʻz hisobimdan inshootni bunyod etib, oʻtgan vaqt mobaynida aholiga xizmat koʻrsatib kelayotgandik”.

Foto: "Xalq so'zi"

“Tegishli qaror va qonuniy meʼyorlar asosida bunyod etilgan inshootni buzish haqida ogohlantirish xatini oldik. Hududning yangi meʼmoriy loyihasi boʻyicha buzilishi talab qilingan inshootimiz uchun toʻlovni amalga oshirishga kelganda mutasaddilar menga “chap berishmoqda”. Bir chaqa ham bermasdan inshootni buzish adolatdanmi? Axir, 191, 15 kv.m. dan iborat boʻlgan aholiga maishiy xizmat va avtoulovlarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasi 179824179 soʻmga baholangan. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil №97-sonli qarori talabiga koʻra, davlat ixtiyoriga oʻtayotgan joy, buzilgan inshoot evaziga kompensatsiya toʻlanishi lozim. Nima uchundir mening bu boradagi talabim asossiz rad etilmoqda?”.

Foto: "Xalq so'zi"

Joriy yilning 18-iyun kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 4-1903-1901/24-sonli ish tomonlar ishtirokida muhokama qilindi. Sudda daʼvogar – Sariosiyo tumani hokimligining “Ishonch-1” kichik korxonasiga nisbatan Sariosiyo tumani Shargʻun shahar “Feruz” mahallasi, Mustaqillik koʻchasi, Shargʻunsoy hududida oʻzboshimchalik bilan shaharsozlik norma va qoidalariga zid ravishda qurilgan 191,15 kv.m. dan iborat boʻlgan maishiy xizmat va avtoulovlarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasi binosini buzish toʻgʻrisidagi daʼvosi va“Ishonch-1” kichik korxonasining tuman hokimligi va tuman moliya boʻlimidan bino buzilishi munosabati bilan yetkazilgan 179824179 soʻm zararni undirishga oid daʼvosi muhokama qilingan. Sud ishi yakunida masala Sariosiyo tumani hokimligi foydasiga hal etilgan.

Foto: "Xalq so'zi"

“Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan Sariosiyo tumani va Shargʻun shahar hokimligining 2007-yilda yer maydoni ajratish boʻyicha tegishli qarorlari, shu haqdagi texnik shart va xulosalar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2006-yil №97-sonli qarori inobatga olinmay, bir yoqlama qaror qabul qilishini qanday baholash mumkin? Sud qarori qabul qilingach, 24-iyun kuni inshoot hokimiyat tomonidan oʻzboshimchalik bilan buzib tashlandi. Endi men dodimni kimga aytishga hayronman?!

Korxonamizga tegishli inshootning buzilishiga bosh sabab qilib, Shargʻunsoy muhofaza zonasida joylashgani koʻrsatildi. Shu vaj bilan koʻp yillik masjid binosi ham buzib tashlandi. Muhofaza zonasidagi inshootlarni buzish ishlari amalga oshirilayotgan bir paytda nima uchundir “Feruz” mahalla fuqarolar yigʻinining yangi binosi mana shu talablarga zid ravishda, shundoqqina soy qirgʻogʻida yangidan bunyod etilmoqda. Endi bunisiga nima deysiz? Qonun hamma uchun barobar emasmi? Bu masalaning bir tomoni. Muhimi, bizning buzilgan inshootimiz oʻrniga na yer maydoni, na kompensatsiya toʻlanmaslik adolatdanmi?”.

Foto: "Xalq so'zi"

Mazkur murojaatni oʻrganish chogʻida bizga yana oʻnlab fuqarolar u yoki bu maʼnoda adolat mezonlari buzilayotganidan shikoyat qilib, arzu-dodlarini bayon etishdi. Demak, Rayimqul Suvonqulov singari boshqa arzgoʻylarning ham bugun tinchi buzilgan. Mutasaddilar bu masalaga panja orasidan qaramasdan, har bir holatni atroflicha oʻrganib, qonuniy yechim topishlari lozim emasmi? Chunonchi, Shargʻun shaharchasini obod maskanga aylantirishdan koʻzlangan pirovard maqsad - shu yerlik aholining turmush tarzini yaxshilash, farovonligini oshirishdan iborat.

Darvoqe, sobiq hokimlaru mutasaddilar tomonidan qabul qilingan qarorlar garchi noqonuniy, belgilangan qonunchilik talablariga zid, deb topilgan taqdirda fuqaroning aybi nimada, degan haqli savol tugʻiladi?! Bu haqda Sariosiyo tumani hokimligidan javob kutib qolamiz. Va albatta bu mavzuga yana qaytamiz.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?