Shamollar shahri

13:44 16 Mart 2019 Dunyo
569 0

Dengiz sohiliga tutashib ketgan Bokuni bejizga bunday nomlashmaydi.

Siz bu shaharga qaysi faslda bormang, Kasbiydan kelayotgan mayin shabboda xayolingizni oʻgʻirlaydi yoki qattiq dovul yuzingizni chimchilaganday boʻladi. Boshqacha boʻlishi ham mumkin emas.

Biz Ozarbayjon poytaxtiga kech kuzda borganimiz sababli shamolning tez-tez oʻzgarib turishiga guvoh boʻlgan edik.

Tarixi oʻrta asrlarga borib taqaladigan “ichki shahar” baland devorlar bilan oʻrab olingan. Ayrim manbalarga koʻra, bu yerdagi eng koʻhna inshoot – Muhammad masjidi hisoblanadi. U XI asrning boshlarida qurilgan.

Aslida eski shahar hududida saqlanib qolgan Qiz qalʼasi eng koʻhna majuma ekanligi allaqachon tasdiqlangan. Biroq, afsuski, uning aynan qachon bunyod etilganligini mahalliy xalq eslay olmaydi.

Eng muhimi tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan “ichki shahar”da hozir ham odamlar istiqomat qilishadi va ular oʻzlarini “qalʼalik” deb tanishtirishni yaxshi koʻrishadi.

Aytmoqchi, bu yerdagi jin koʻchalarda adashib qolishingiz hech gap emas. Lekin har qanday holatda ham muammo yoʻq. Negaki, baribir aylanib-aylanib dengiz boʻyiga, qalʼa darvozalariga yoki “İçərişəhər” metro bekatiga chiqasiz.

Oʻtgan asrning boshlarida, yaʼni neft sanoati rivojlanishining dastlabki davriga kelib, Boku oʻzining yangi qiyofasini kasb eta boshladi. Misol uchun, shahar hokimligi binosi va Murtazo Muxtorov saroyi Gʻarb anʼanalariga tayangan mashhur arxitektorlar Iosif Plashko hamda Yuzef Goslavskiy muallifligida yaratilgan.

Eng muhimi, shaharning eski va yangi qismlaridagi meʼmoriy inshootlar bir-biri bilan umumiy uygʻunlikka ega. Ayni davrda qurilgan zamonaviy binolar Bokuning asriy koʻrinishini yanada boyitishga xizmat qilgandek.

Shaharda jamoat transporti – metro, avtobus va taksi xizmati yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Mavjud turistik obyektlarga borib, ular bilan tanishish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan.

Yana bir muhim jihat. Shamollar shahri xorijlik turistlarda gastronomik jihatdan ham oʻziga xos taassurot qoldirishi tabiiy. Ozarbayjoncha palovdan tortib, turli pishloqlar, sharbat va milliy shirinliklarni taʼriflashga hojat boʻlmasa kerak.

Beruniy Alimov


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?