“Shahzoda”ning butsisida magniti bormidi?

17:23 22 May 2020 Sport
648 0

Xuddi Diyego Maradonaga oʻxshab Fernando Redondo ham oʻz professional faoliyatini “Arxentinos Xuniors” klubida boshlagandi. Oʻn beshidayoq u muxlislar va mutaxassislar nazariga tushdi. Negaki, toʻp bilan ajoyib tarzda muomala qilishi uni boshqalardan yaqqol ajratib turardi. Birinchi katta yutuq Fernandoni uzoq kuttirmadi. 1985-yildayoq Redondo Argentina oʻsmirlar terma jamoasi safida 17 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasida oʻtkazilgan Janubiy Amerika chempionatida shohsupaning yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.

19 yoshida esa u klubning yetakchi oʻyinchilaridan, muxlislarning suyumli futbolchilaridan biriga aylandi. Aynan shu paytda dastlabki muammolar yuzaga keldi. Klub rahbarlari yosh yulduzni Yevropaga qoʻyib yubormaslik payiga tushishdi. Ammo Redondoning huquqshunoslari uning shartnomasida boʻshroq ishlangan bandni topishning uddasidan chiqdilar. Natijada qahramonimiz erkin agent maqomida Kanar orollariga yoʻl oldi. Ispaniyaning kamtarona klubi “Tenerife” safiga borib qoʻshildi. Oʻshanda bu jamoani argentinalik mashhur sobiq futbolchi Xorxe Valdano boshqarardi.

Yevropaning kuchli chempionatlaridan biriga moslashish uchun Redondoga ikki yil kerak boʻldi. Shundan keyin u yorqin oʻyin namoyish eta boshladi. Terma jamoa murabbiylari nazariga tushdi. 1994-yilda AQSHda boʻlib oʻtgan jahon chempionatida argentinaliklar muvaffaqiyatsiz qatnashishdi. Ammo Redondoning oʻyinini koʻrgan kishi Argentinada yana bir yulduz paydo boʻlganini payqamay qolmadi.

Oʻsha yilning yozida Redondo “Real”dan taklif oldi. Madrid klubida u darhol almashtirib boʻlmas futbolchiga aylandi. Aynan uning maydonni qoyilmaqom tarzda koʻra bilishi, qisqa va uzoq masofaga aniq uzatmalar berishi evaziga “Real” besh yillik tanaffusdan keyin mamlakat chempionligini oʻziga qaytarib oldi. 1997-yilda esa “Real” yana mamlakat chempionati gʻolibi boʻldi. Oradan bir yil oʻtgach, Yevropa Chempionlar ligasida yutib chiqdi. Bu choʻqqini zabt etishda ikki pleymeyker –himoyaviy planda oʻynovchi Redondo hamda hujumkor yarim himoyachi Klarens Zeyedorfning hissasi juda katta. Bu juftlikni “Noyob” deya taʼriflashgani bejiz emasdi. Oradan ikki yil oʻtib, madridliklar yana bir bor Chempionlar ligasi gʻolibiga aylanishdi. Bu yoʻlda “Real” Fergyuson qoʻl ostidagi “Manchester Yunayted”ni chorak finalda magʻlub etishning uddasidan chiqqandi. Bu oʻyin taqdiri “MYU” maydonida hal boʻlgandi. Negaki, Madriddagi uchrashuvda 0:0 hisobi qayd etilgandi. ”Old Trafford”da kechgan javob oʻyinining ikkinchi boʻlimida Redondo chap qanot boʻylab hujumga tashlandi. Raqib himoyachisini juda chiroyli fint bilan aldab oʻtgach, toʻpni jarima maydonchasi ichida turgan Raulga oshirdi. Raul amalda boʻsh turgan darvozani ishgʻol etdi. Keyinchalik Redondo bu oʻziga xos fintni Argentinada oʻynab yurgan kezlarida oʻylab topganini, Ispaniyada biror marta ham qoʻllamaganini aytgandi. ”Bu fintni ishlatish fikri hujumga tashlangan paytimda xayolimga keldi”, deydi u. Yakunda “Real” 3:2 hisobida gʻolib chiqdi. ”MYU” ustozi Aleks Fergyuson oʻsha oʻyindan keyin “Nima balo, bu oʻyinchining butsisida magniti bormi?” deya taajjubga tushgandi.

Redondo “Real”da 2000-yilga qadar toʻp surdi. Ammo klubga Florentino Peres prezident boʻlib kelgach, ketishga majbur boʻldi. Peres uni “Milan”ga sotib yubordi. Shu orqali “Barselona”dan xarid qilingan Luish Figu uchun sarflangan mablagʻning bir qismini qopladi. Muxlislar tomonidan “Shahzoda” degan laqab qoʻyilgan qahramonimiz, afsuski, Italiyada koʻpchilik kutgan oʻyinni namoyish etolmadi. Bunga jarohatlar xalaqit qildi. Redondo endi avvalgidek yuqori saviyada oʻynay olmasligini his etgach, “Milan”dagi maoshidan oʻz xohishi bilan voz kechdi. 2004-yilda “Milan” vitse – prezidenti Adriano Galliani Fernandoga shartnomani uzaytirish taklifini bildirdi. Lekin u butsisini mixga ilishga va hayotining qolgan qismini oilasiga bagʻishlashga qaror qildi. Vaholonki, unga Angliya, Ispaniya va Qatar klublaridan ham yaxshigina takliflar boʻlgandi.

Redondo Argentina terma jamoasidagi debyut oʻyinini 1992-yilda Avstriyaga qarshi kechgan uchrashuvda oʻtkazdi. Toʻgʻri, u bundan avvalroq ham terma jamoa libosida maydonga tushishi mumkin edi. Biroq Redondoning oʻzi 1990-yilgi jahon chempionatiga borish taklifini rad etgandi. U oʻshanda “Iqtisodiyot fakultetidagi oʻqishimni tashlab ketolmayman”, degan mazmundagi sababni vaj qilib koʻrsatgandi. Bizningcha, jahon futboli tarixida bunaqasi uchragan emas. Dunyoning yuzlab, minglab professional futbolchilari uchun mundialda qatnashish ushalmas orzu sanaladi. Redondo esa... “Shahzoda” boshqalarga oʻxshamaydi, deganlaricha bor.

1994-yilda Redondo milliy terma jamoaning asosiy tarkib futbolchisi sifatida mundialga yoʻl oldi. Gretsiyaga qarshi kechgan dastlabki uchrashuvdayoq Maradonaga golli uzatma berdi. Argentinaliklar oʻsha uchrashuvni 4:0 hisobida oʻz foydalariga hal qildilar. Biroq Maradona diskvalifikatsiya qilindi. Bu terma jamoa uchun katta yoʻqotish edi. Usiz jamoa ikki oʻyinni boy berdi. Bolgariya terma jamoasiga qarshi oʻtgan oʻyindan soʻng alamzada Redondo Maradonaga “Men seni maydondan izladim, ammo topa olmadim...Butun oʻyin davomida izladim”, degan soʻzlarni aytgandi.

Uning terma jamoadagi faoliyatiga jarohatlardan tashqari murabbiy bilan chiqisha olmagani ham xalal berdi. 1995-yilning sentyabrida terma jamoani Daniel Passarella boshqarayotgan edi. Murakkab feʼl- atvorli bu mutaxassis jamoa ichki tartib-intizomini mustahkamlash niyatida futbolchilar oldiga turli talablarni qoʻya boshladi. Ajablanarlisi, u barcha oʻyinchilarga sochlarini qisqartirish koʻrsatmasini berdi. Batistuta rozi boʻldi. Ammo Redondo bilan Kanija murabbiyning bu gʻalati talabidan ochiqchasiga kulishdi. ”Pasarella menga jamoani boshqarish borasidagi oʻz gʻoya va prinsiplarini tushuntirdi, — degandi oʻshanda Redondo. — Biz kelisha olmagan yagona narsa bu sochlarimning uzunligidir. Men murabbiyning ishiga hurmat bilan qarayman. Professional futbolchiman. Lekin men birinchi navbatda insonman. Soch esa shaxsiyatimning bir qismidir”.

Rendondosiz jahon chempionatiga borgan argentinaliklarni chorak finalda niderlandlar magʻlubiyatga uchratishdi. Pasarella isteʼfoga chiqarildi. Uning oʻrnini egallagan Marselo Byesa qahramonimizni terma jamoaga qaytardi. Ammo Rendondo ikkita oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushgach, terma jamoadan ketish fikriga keldi. Marselo Byesa uning bu qaroriga munosabat bildirar ekan, “Rendondo uchun terma jamoa eshigi hamisha ochiq... Biz telefon orqali bir soatdan ziyod gaplashdik. U klub va terma komanda safida haftasiga ikki bor oʻynash oʻzining organizmiga haddan ziyod ogʻirlik qilishini aytdi. Rendondo terma jamoa safida kerakli darajada oʻynay olmasligidan xavotirda”, degandi.

Rendonda Chempionlar ligasida uch bor shohsupaga koʻtarilgan kamdan kam futbolchilardan biri sanaladi. Terma jamoa safida esa u atigi 29-marta maydonga tushgan. Shunga qaramay yaqinda 50 yoshini nishonlagan bu isteʼdod egasini Argentina futboli tarixidagi eng kuchli markaziy himoyachilardan biri sifatida tilga oladilar.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?