Shahram Gʻiyosov ilk chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi, Murodjon nokautlar seriyasini davom ettirdi (video)

12:14 29 Aprel 2019 Sport
506 0

Professional boksda faoliyat olib borayotgan oʻzbekistonlik ikki bokschi oʻzining zafarli yurishini davom ettirdi. Dam olish kunlari AQSHda boʻlib oʻtgan boks oqshomi esda qolarli voqealarga boy boʻldi.

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Shahram Gʻiyosov (8-0, 6 KO) navbatdagi jangida gʻalaba qozonib WBA International chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi.

Inglvud shahridagi Forum saroyida boʻlib oʻtgan boks oqshomida Shahram Gʻiyosovga amerikalik sobiq chempionlik uchun daʼvogar Emmanuel Teylor raqiblik qildi. 10 raundga moʻljallangan jang toʻliq davom etdi va unda Shahram Gʻiyosov avvaliga kuchli raqibning kuchli zarbalaridan muvozanatni yoʻqotib, sal boʻlmasa imkoniyatni boy berib qoʻyay degandi, ammo tezda oʻziga kelgan bokschi jangning soʻnggi qismida ustunlik qildi va hakamlarning ikki nafari 99-91 hisobida Shahram Gʻiyosov gʻalabasini qayd etgan boʻlsa, yana bir hakam 97-93 natijasini qayd etdi. Hakamlarning bir ovozdan bergan ovozlariga koʻra gʻalaba qozongan Shahram Gʻiyosov oʻzining ilk chempionlik kamari WBA International kamarini qoʻlga kiritdi.

Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (6-0, 5 KO) navbatdagi jangini oʻtkazdi.

Inglvud shahridagi Forum saroyida boʻlib oʻtgan boks oqshomida Murodjon Ahmadaliyevga meksikalik sobiq chempion, jahon chempionligi kamari daʼvogari Karlos Karlson (23-6, 14 KO) raqiblik qildi.

8 raundga moʻljallangan reyting jangida Murodjon toʻliq ustunlik ega boʻldi va 3-raund tugashiga 9 soniya qolganida raqibini nokautga uchratishga muvaffaq boʻldi. Natijada Ahmadaliyev jahon chempionligi uchun kechadigan jangidan oldin navbatdagi nokautni oʻz hisobiga yozib qoʻydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?