Shaharsozlik kodeksining yangi tahriri koʻrib chiqilmoqda. Qanday ijobiy oʻzgarishlar boʻladi?

13:50 22 May 2020 Siyosat
142 0

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi koʻrib chiqilmoqda.

Loyiha bilan sohaga bir qator muhim yangiliklarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Xususan, kodeksga “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati” degan yangi bob kiritilmoqda. Unda jumladan, yer uchastkalaridan foydalanishda, qurilishga ruxsat berishda, aholi punktlari, bino va inshootlarni loyihalash hamda qabul qilishda, fuqarolar manfaatlariga daxldor boʻlgan masalalarni hal qilishda aholisi tomonidan jamoatchilik muhokamalari va eshituvlari oʻtkazilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Albatta, bu juda ijobiy oʻzgarish.

Bundan tashqari, loyihada qaysi hollarda fuqarolardan yer uchastkalarini olib qoʻyish mumkinligi belgilanmoqda.

Xususan, Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yerlar:

- yerlarni mudofaa va davlat xavfsizligi,

qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar ehtiyojlari uchun, erkin iqtisodiy zonalarni yaratish va faoliyat koʻrsatishi uchun berish;

- Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarish;

- foydali qazilmalar konlarini aniqlash va ishlash;

- avtomobil va temir yoʻllar, aeroport, aerodrom, aeronavigatsiya obyektlari va aviatexnik markazlar, temir yoʻl transporti obyektlari, koʻpriklar, metropoliten tunnellari, energetik tizim va elektr uzatish liniyalari obyektlari, aloqa liniyalari, kosmik faoliyat obyektlari, svgistral quvuroʻtkazgichlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi;

- taʼlim va davolash muassasalari, internatlar va mehribonlik uylarini, jumladan, davlat-xususiy sherikchilik doirasida qurish;

- maydonlar, shuningdek, istirohat bogʻlari, alleya, bulvar, dam olish zonalari, koʻllar, suv omborlari, hovuzlar va boshqa rekreatsiya obyektlarini qurish;

- aholi punktlari bosh rejalarini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlaridan va davlat tashkilotlari mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan obyektlar qismida bajarish uchun olib qoʻyilishi mumkin.

Shuningdek, aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalari mavjud boʻlmagan holda aholining turmush va maishiy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan olinishi mumkin.

Umid qilamanki, kodeks loyihasini takomillashtirish jarayonida deputatlar aynan mana shu normalarga asosiy eʼtiborlarini qaratadilar.
Akmal BURXONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?