Senatorlar qonunni Qonunchilik palatasiga qaytardi

15:04 23 Avgust 2019 Siyosat
220 0

Maʼlumki, ona suti goʻdak uchun eng tabiiy va maqbul ozuqa hisoblanadi. Koʻkrak sutining tarkibida chaqaloqning sogʻlom unib-oʻsishi va uning organizmining rivojlanishi uchun zarur boʻlgan hamma mikro va makro elementlar mavjud. Bu kabi moddalarni goʻdakning organizmi boshqa ozuqadan oʻzlashtira olmaydi. Undan tashqari, uni turli yuqumli kasalliklardan himoya qiluvchi immun tizimini taʼminlovchi tizim tanachalari faqat ona suti orqali oʻzlashtiriladi. Ona suti tarkibidagi touring moddasi esa bolaning aqliy salohiyati shakllanishida, yaʼni bosh miyaning rivojlanishida juda katta ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan, bolalarni ona suti bilan oziqlantirishni targʻib qilish va qoʻllab-quvvatlashni huquqiy jihatdan tartibga solish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar tomonidan ishlab chiqilgan “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi monidan 2019-yil 12-iyul kuni qabul qilinib, 16-iyul kuni Senatga koʻrib chiqish uchun kelib tushdi.

Qonunning maqsadi ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir belgilangan talablarga rioya etilishini taʼminlashdan iboratdir.

Qonun senatorlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar mutaxassisslari va ekspertlar ishtirokida har tomonlama oʻrganib chiqilib, Qonunni tamomila qayta koʻrib chiqish zarur, degan xulosaga kelindi.

Sababi, birinchidan, oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim normalar Qonun nomi va maqsadlariga toʻgʻri kelmaydi, yaʼni Qonunning 2-bobida goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga doir normalar kiritilmoqda. Bu esa Qonunning predmeti hisoblanmaydi, aholini sifatli va xavfsiz bolalar mahsuloti bilan taʼminlash esa “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va havfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solinadi. Shu munosabat bilan ushbu normalarni Qonundan chiqarib tashlash zarur hisoblanadi.

Ikkinchidan, Qonunning 3-moddasidagi “ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar”,yaʼni goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun sanoat asosida ishlab chiqarilgan, kimyoviy tarkibi va oziqlik qimmati boʻyicha ona sutiga yaqinlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari asosiy tushunchalardan biri hisoblanadi.

Biroq, qonun ijodkorlari Xalqaro Toʻplam tavsiyalariga zid ravishda “kimyoviy tarkibi va oziqlik qimmati boʻyicha ona sutiga yaqinlashtirilgan” iborasidan foydalanib, ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni eng ideal mahsulot sifatida talqin qilishga harakat qilishgan.

Qonunning 7-moddasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar doirasi belgilab berilgan boʻlib, unga koʻra Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu Qonun talablariga rioya etilishi, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya holati, sifati va xavfsizligi uchun javob berishi nazarda tutilgan.

Biroq, Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlar tomonidan davlat nazoratini amalga oshirish boʻyicha qoidalarni tatbiq etishning aniq mexanizmi ochib berilmagan. Bu esa Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida oʻz aksini topgan toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadigan qonunlar qabul qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisidagi talabga zid kelmoqda.

Qonunning qabul qilinishi reproduktiv yoshdagi, homilador va emizikli ayollarni qoʻllab-quvvatlashga, hayotining ilk kunlaridan boshlab goʻdaklarning toʻgʻri ovqatlanishini, ularning sogʻlom oʻsishini, aqliy rivojlanishini taʼminlashga, chaqaloqlar va bolalar orasida kasallik va oʻlim koʻrsatkichlarini kamaytirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishga koʻmaklashishi kerak.

Biroq, yuqoridagi talablar Qonunda toʻliq tartibga solinmagan.

Shu nuqtayi nazardan, Qonun oʻzining maqsadida belgilangan barcha munosabatlarni qamrab olmaydi va oʻz konsepsiyasiga mos kelmaydi, Qonun normalarining mazmuni esa uning nomlariga toʻgʻri kelmaydi.

Qonunda tartibga solinadigan jamoatchilik munosabatlarining muhimligi va ahamiyatini eʼtiborga olib, senatorlar ushbu Qonun konsepsiyasini qayta koʻrib chiqishni, unga kompleks yondashib, xalqaro normalarni implementatsiya qilib, uni takomiliga yetkazishni, shuningdek, amaldagi qonunlarni xatlovdan oʻtkazish va ularga ushbu Qonunning qoidalarini kiritish va shu orqali takrorlanishning oldini olishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

Qonunni Qonunchilik palatasiga qaytarish va takomiliga yetkazish toʻgʻrisidagi qaror senatorlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?