Senator: Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, YEOII bilan hamkorlik natijasida qoʻshimcha ravishda 1,6 milliard AQSH dollarilik eksport qilinadi

18:10 11 May 2020 Siyosat
206 0

Xabaringiz bor, bugun Oliy Majlis Senatining toʻrtinchi majlisida Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalasi ham koʻrib chiqildi.

Yakunda Senat YEOIIga Oʻzbekistonning kuzatuvchi sifatida kirishini maʼqulladi. 
Oʻz navbatida mamlakatimizning YEOII bilan hamkorligi boʻyicha fikr-mulohazalar ham bildirildi.

Murtazo RAHMATOV, Oliy Majlis Senati aʼzosi:

— Ushbu masala juda keng muhokama qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, hududiy Kengashlar deputatlaridan tortib, mamlakatimizning yetakchi ekspert va mutaxassislari, keng jamoatchilik fikr-mulohazalari oʻrganildi, ularning aksariyati inobatga olindi.

Xabaringiz bor, munosabatlar, qarashlar turlicha boʻldi. Koʻpchilik Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni yoqlagani holda, bunga qarshilar ham boʻldi. Lekin biz, senatorlarning chuqur va har tomonlama oʻrganishlari, shuningdek, iqtisodiy tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bu tuzilma bilan aloqalar yoʻlga qoʻyilishining ijobiy tomonlari koʻp.

Shu oʻrinda yana bir jihatni eʼtibordan qochirmaslik zarur. Muhtaram Prezidentimiz parlamentga murojaatida Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanamiz”, deb alohida taʼkidlagan edi. Shuning uchun YEOII bilan hamkorlikda, birinchi navbatda, mamlakat, millat manfaati ustuvor qilib qoʻyilmoqda.

Men YEOII davlatlari bilan hamkorlikning iqtisodiy jihatlariga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Avvalo, shuni aytish joizki, bozor iqtisodiyoti, iqtisodiy faoliyatni tashkil etish, xususiylashtirish konsepsiyalari hamda dasturlarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etishda YEOIIning ayrim davlatlari bizdan ancha oldinga oʻtib ketgan. Mazkur tuzilma bilan yaqin aloqa oʻrnatilishi ularning bu boradagi ilgʻor tajribasidan samarali foydalanishda qoʻl keladi;

ikkinchidan, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda qoʻshimcha qulayliklar beradi;

uchinchidan, tovarlarning boj toʻlovlarisiz olib oʻtilishi import qilinayotgan xom ashyo hamda tovarlarning arzonlashishiga, biz uchun, eng muhimi, eksportni koʻpaytirish imkonini beradi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, YEOII bilan hamkorlik natijasida qoʻshimcha ravishda 1,6 milliard AQSH dollarilik eksport qilinadi. Bunda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi qariyb 800 million dollarni tashkil etadi. Natijada mehnat resurslari koʻp boʻlgan chekka hududlarda yangi ish oʻrinlari yaratiladi, pirovardida qishloq odamlarining daromadi koʻpayadi;

toʻrtinchidan, qishloq xoʻjaligida bojxona tartiblarining soddalashtirilishi hisobidan YEOII davlatlariga Oʻzbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish hajmi yiliga 350 million dollarga oshishi mumkin. Oʻz navbatida, mahsulotlarni tashishda temir yoʻl xarajatlari keskin kamayadi.

Shulardan kelib chiqib, YEOIIga Oʻzbekiston “kuzatuvchi maqomida” qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlaymiz. Kuzatuvchilik maqomi oʻz nomi bilan kuzatuvchi boʻlib, Oʻzbekistonga katta xalqaro huquqiy majburiyatlarni yuklamaydi. Bu bizga tashkilotni kelajakda qaysi tomonga qarab yoʻnalish olganini kuzatib borish, Ittifoq doirasida qarorlar qabul qilinish jarayoni bilan yaqindan tanishish, tashkilot bilan hamkorlikning mamlakatga ehtimoliy oqibatlarini asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha aniqlash hamda shu asosda aʼzolikni milliy manfaatlarimizga mos yoki zidligi borasida xulosa qilishga sharoit yaratadi. Yana bir muhim tarafi shundan iboratki, mintaqa bozor konyunkturasiga qarab mahsulot ishlab chiqarish yoki marketing masalalari ham tartibga solib olinadi.

Xulosa qilib aytganda, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi maqomida hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekiston oxirgi yillarda olib borayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatga mos, ayni chogʻda, diplomatik qaror, deb hisoblayman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?