Senatda Tashqi ishlar vaziriligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha axborot tinglandi

17:08 24 Avgust 2019 Siyosat
136 0

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziriligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha axboroti tinglandi.

Ushbu masala yuzasida tashqi ishlar vaziri A.Komilov maʼruza qildi.

Taʼkidlash joizki, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashda oliy darajadagi tashriflar muhim rol oʻynamoqda. Yil boshidan buyon Prezidentimizning 7 ta tashrifi amalga oshirildi, Oʻzbekistonga esa 4 ta xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar rahbarlarining tashriflari tashkil etildi.

Bu kabi oliy darajadagi tashriflar va tadbirlar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan xorijiy mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha 18 ta chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritalari”) qabul qilingan.

Hisobot davrida dunyoning yirik, peshqadam va rivojlangan mamlakatlari bilan munosabatlarni kengaytirish borasida ham ishlar davom ettirildi. Xususan, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston, Yaponiya, Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari, shuningdek, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan Oʻzbekistonning aloqalari izchil rivojlanmoqda.

Mamlakat iqtisodiyotiga chet el investitsiyalarini jalb qilish, eksport hajmini va xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgani aytib oʻtildi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni tashqi bozorga eksport qilish va hududlarimizga xorijiy sayyohlarni jalb qilish uchun koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilda diplomatik vakolatxonalarimiz joylashgan davlatlarga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan oʻzbek mahsulotlarining eksporti 13,9 foizga oshdi va 7 milliard 568 million dollarni tashkil etdi. Shu davr mobaynida tashrif buyurgan sayyohlar soni 31 foizga oshib, 3,03 million kishini tashkil etdi.

Yalpi majlisda senatorlar mazkur sohada amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalari boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

OʻzA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?