Senatda BMTning maxsus maʼruzachisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

16:31 19 Sentyabr 2019 Siyosat
200 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

2019-yil 19-sentyabr kuni Senatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning BMTning Sudlar va advokatlar mustaqilligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda sud tizimining tuzilmasi, mustaqil va xolis faoliyatini tashkil etish, odil sudlovga erishish, odil sudlov tizimi subyektlarini himoya qilish, shuningdek odil sudlov va huquqiy yordamdan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Qayd etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli keyingi yillarda mamlakatni modernizatsiyalash va jamiyat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston samarali natijalarga erishdi. Xalq bilan doimiy va tizimli muloqot asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashda yangi qadamlar tashlanmoqda. Jumladan, sud-huquq tizimida inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga javob beradigan odil sudlov zamonaviy tizimini yaratishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

“Oʻzbekistonda sud tizimi mustaqilligini taʼminlash yoʻlida koʻrilayotgan ijobiy qadamlardan taʼsirlandik va sudyalarni tanlab olish, sudlar ixtisoslanishi, sud ishlari sudyalar orasida xolisona taqsimlanishi milliy tizimiga yuqori baho beramiz”, - deb taʼkidladi Diyego Garsiya-Sayan.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oʻzbekiston fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari boʻyicha xorijiy arbitraj qarorlarini, huquqiy yordam va huquqiy munosabatlarni tan olish hamda ijro etishga doir BMTning bir qator konvensiyalarini, qariyb 30 ta xalqaro ikki tomonlama shartnomani ratifikatsiya qildi. BMT hujjatlari qoidalari Oʻzbekistonning protsessual qonun hujjatlariga, shuningdek “Advokatura toʻgʻrisida”gi hamda “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”gi qonunlarga tatbiq etildi.

Bundan tashqari, BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyalari qoidalari (Nyu-York, 2003-yil 31-oktyabr kuni) 2017-yil kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida oʻz aksini topdi. 2019-yil boshida Senatda Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tuzilib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament nazorati samaradorligini oshirish uning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Mamlakatimiz milliy qonun hujjatlarining sudlar mustaqilligini taʼminlashga doir qismi takomillashtirilmoqda. Yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi qonunlar, yangi tahrirdagi Iqtisodiy protsessual kodeks va Fuqarolik protsessual kodeksi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatining 25 dan ortiq qarorlari qabul qilindi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oʻzbekistonda sud organlarining mustaqilligini ragʻbatlantirish va himoya qilish boʻyicha keng vakolatlarga ega mustaqil organ sifatida Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgani sudyalarni tanlash, tayinlash va tayyorlashda sud intizomiga, tegishli tamoyillar va qoidalarga rioya etilishini taʼminlaydi.

Tomonlar Oʻzbekistonda koʻrilayotgan chora-tadbirlar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida odil sudlovning demokratik prinsiplarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratishga qaratilganligini qayd etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?