Senat Raisi Yangiqoʻrgʻon tuman Kengashi sessiyasida ishtirok etdi

12:19 03 Oktyabr 2020 Siyosat
245 0

2020-yil 2-oktyabr kuni xalq deputatlari Yangiqoʻrgʻon tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan edi. Shunga muvofiq, birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy koʻrsatkichlar, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi oʻrganildi. Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “oʻrta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “oʻrta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan.

Joriy yil 24-sentyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlikka keng yoʻl ochib berish orqali aholi turmush darajasini oshirish borasidagi ishlar tanqidiy muhokama etildi. Bu borada nafaqat joylardagi imkoniyat va sharoitlar, balki hududdagi rahbarlarning masʼuliyati, ularning xalq bilan ishlay olish qobiliyatiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

Xalq deputatlari Yangiqoʻrgʻon tuman Kengashining sessiyasida respublika boʻyicha oʻtkazilgan reyting koʻrsatkichlarida “qoniqarsiz” deb baholangan mazkur tuman hokimining hisoboti eshitildi.

Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari hajmi 551 ming soʻmni tashkil etib, viloyat koʻrsatkichidan 2,6-marta kam, xizmatlar hajmi esa viloyat boʻyicha eng oxirgi oʻrinda. Ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining bor-yoʻgʻi 8,6 foizi eksportga yoʻnaltirilgan.

Vaqtincha ishlash uchun xorijga ketganlar iqtisodiy faol aholining umumiy sonidagi ulushi 17 foizdan ortgan. Bitta boʻsh ish oʻrni uchun toʻgʻri keladigan ishsizlar soni 21 nafarni tashkil etadi.

Faoliyat koʻrsatayotgan subyektlar tarkibida 3 yildan ortiq faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlarining ulushi 56 foizni tashkil etmoqda. Bundan koʻrinib turibdiki, tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyektlarining 44 foizi 1-2 yilda yopilib ketmoqda. Ularning faoliyatiga koʻmaklashish borasida davlat idoralari tomonidan tegishli choralar koʻrilmayapti. Roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektlarining 61 foizi 2020-yilning oʻtgan davri davomida umuman faoliyat yuritmagan.

Bundan tashqari, tuman rahbarlarining tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari bilan ishlash borasidagi ishlari ham qoniqarsiz ahvolda, jumladan, hisobot davrida 59 ta takroriy murojaatlar kelib tushgan boʻlib, bu boʻyicha viloyatda har 1000 kishiga toʻgʻri keladigan eng yuqori salbiy koʻrsatkich qayd etilgan.

– Bugungi muhokamalarda koʻrdikki, mazkur hududda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar qoniqarli emas, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Prezidentimiz tomonidan farmon va qarorlar qabul qilinmoqda, investitsiyalar jalb etilmoqda, ammo joylardagi rahbarlar bunga tayyor boʻlmasa, olib borilayotgan bu siyosat oʻzining ijobiy natijasini bermaydi. Shuning uchun hokimlar, sektorlar rahbarlari ishni toʻgʻri tashkil etib, birinchi navbatda, faoliyati toʻxtab qolgan korxonalar faoliyatini tiklash, yangi korxonalar ochish, mahalliylashtirish dasturi asosida import oʻrnini qoplaydigan mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, kerak boʻlsa, tumanning brendini yaratish haqida bosh qotirish zarur. Bundan tashqari, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ishlab chiqilgan “yoʻl xaritasi” loyihasini yana bir bor qayta koʻrib chiqish, unga deputatlar tomonidan aytilgan takliflarini kiritish zarur. Qolaversa, mavjud muammolarni hal etish boʻyicha muddatlari aniq belgilanmagan. Masalan, kiritilgan chora-tadbirlarning 60 foizida amalga oshirish muddati “doimiy”, “yil davomida” yoki “yil yakuniga qadar” qilib belgilangan. Qolaversa, tumanning reytingiga salbiy taʼsir koʻrsatgan barcha muammolar kiritilmagan, xususan, vaqtincha ishlash uchun xorijga ketganlar iqtisodiy faol aholining umumiy sonidagi ulushi 17 foizdan ortiq boʻlsa-da, mavjud holatni yaxshilash boʻyicha aniq raqamlarga asoslangan takliflar aks ettirilmagan. Murojaatlar bilan ishlash, ijro intizomi masalalari ham kiritilmagan. 

Shu bilan birga, Senat Raisi oʻz nutqida “yoʻl xaritasi”ga Biznes ombudsman tomonidan aniqlangan 50 ga yaqin muammolarni hal etish masalasini ham kiritish, “yaxshi” hududlarning tajribasini oʻrganish va ularni ommalashtirish lozimligini taʼkidladi.

Bundan tashqari, xalq vakili sifatida oʻz hududidagi muammolarning hal etilishi, ayniqsa, tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan omillarni bartaraf etilishi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish kerakligi qayd etildi.

Tuman hokimi A.Najmiddinov “yoʻl xaritasi”ni 15 kun ichida qayta koʻrib chiqishini bildirdi.

Shuningdek, sessiyada sektorlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi va atroflicha muhokama qilindi. 

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani oʻtkazildi. Jurnalist va blogerlarning savollariga batafsil javob qaytarildi.

Shuning bilan Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayevaning Namangan viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?