Senat Raisi: “Umumiy tusdagi qonunlarni maʼqullash amaliyotidan toʻliq voz kechish lozim”

11:03 23 Avgust 2019 Siyosat
78 0

Senat Raisi Tanzila Norboyeva oʻz maʼruzasida oldinga qoʻyilgan yangi vazifalar ijrosini samarali taʼminlash uchun senatorlar eʼtiborini quyidagi jihatlarga qaratdi:

“Birinchidan, bugungi kunda amalga oshirishning aniq mexanizmi mavjud boʻlmagan, davlat va jamiyat rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsata olmayotgan umumiy tusdagi qonunlarni maʼqullash amaliyotidan toʻliq voz kechish lozim.

Ikkinchidan, oʻtkaziladigan har bir nazorat tadbirining aniq amaliy natijalar bilan yakunlanishiga erishish shart.

Joylardagi, shuningdek soha va tarmoqlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, aholini tashvishga solayotgan muammolar yechimi yuzasidan parlament nazorati vositalarini qoʻllagan holda amaliy taklif va tashabbuslarni faol ilgari surish zarur.

Uchinchidan, yuqorida taʼkidlanganidek, mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashish nafaqat Senatning tegishli komissiyasi, balki boshqa qoʻmita va komissiyalari faoliyatining ham ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlishi kerak.

Ayniqsa, joylarda oʻtkaziladigan nazorat tadbirlariga mahalliy Kengashlar deputatlarining ishtirokini soʻzsiz taʼminlash shart.

Shuningdek, mahalliy Kengashlar qarorlari ijrosi yuzasidan nazorat olib borishda hududlardan saylangan senatorlar ularga amaliy yordam koʻrsatishi kerak.

Toʻrtinchidan, gender tenglik masalalari, xotin-qizlar huquqlarining toʻliq roʻyobga chiqishini taʼminlash, aholi, xususan yoshlarni ish bilan taʼminlash, jamoat tartibini saqlash boʻyicha ishlarda faol ishtirok etish har bir qoʻmita va komissiya, senatorning asosiy vazifalaridan boʻlib qolaveradi.

Beshinchidan, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, olib borilayotgan islohotlar toʻgʻrisida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazish amaliyotini yanada kuchaytirish zarur.

Oʻylaymanki, har bir senator oʻz vakolatlarini soʻzsiz amalga oshirish, eng muhimi, xalqni rozi qilishdek ezgu maqsad roʻyobi yoʻlida barcha imkoniyatlarni ishga soladi”, - dedi u.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?