Senat Raisi Toʻraqoʻrgʻon tumanida bir qator obyektlar faoliyati bilan tanishdi

09:49 03 Oktyabr 2020 Siyosat
549 0

2020-yil 2-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva 2020-2022-yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishish maqsadida Namangan viloyati Toʻraqurgʻon tumaniga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida bir qator tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishilib, ularning muammolari koʻrib chiqildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, bugungi kunda tuman aholisi 227,4 ming kishini tashkil etadi. Jami oilalar soni 59,9 mingta, shundan kambagʻal oilalar soni 1271 ta.

Senat Raisi dastavval tumandagi “Dilrabo SDA” MCHJ tomonidan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida boʻldi.

Mazkur tekstil korxonasida 700 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Trikotaj mahsulotlari asosan Rossiyaga eksport qilinadi. Endilikda esa AQSHga ham eksport qilish rejalashtirilgan. Yaqinda Turkiya va Xitoy davlatlaridan 200 ming AQSH dollarlik yangi uskunalar olib kelindi.

— Senat Raisi korxonamizga kelib, ish jarayonimiz bilan tanishgani, takliflarimizga quloq tutgani bizga yana-da koʻproq shijoat bagʻishladi, — dedi “Dilrabo SDA” MCHJ korxonasi rahbari Maʼsuda Sodiqova. — Ikki yil avval viloyat hokimligi tomonidan ushbu hududdagi qarovsiz turgan eski maktabning binosi nol qiymat qilib berildi. Koʻrib turganingizdek, yangi binolar qurdik. Zamonaviy asbob-uskunalar keltirib, faoliyatimizni kengaytirdik. Hozirda ishlab chiqarish hajmini yana-da oshirish, ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlashni maqsad qildik.

Oliy Majlis yuqori palatasi Raisi ushbu korxona faoliyati bilan tanishar ekan klasterlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, oʻzida xom-ashyodan tortib tayyor mahsulotgacha yetishtirish zarurligi taʼkidlandi. Buning uchun esa barcha sharoit yaratilishi, qoʻshimcha yer ajratilishi bildirildi. Qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash, ishchilarning farzandlari uchun maktabgacha taʼlim muassasasi qurish va unga yetakchi mutaxassislarni jalb qilish borasida takliflar ilgari surildi.

Navbatdagi manzil — Toʻraqoʻrgʻon tumani «Isvaxon» mahallasi. Ushbu hududda joylashgan rossiyalik investorlar tomonidan tashkil etilgan “RuNamtex” MCHJ faoliyati hamda umumiy qiymati toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobiga 1,5 mln. AQSH dollari boʻlgan 2-bosqich toʻquv, tikuv trikotaj loyihasi bilan tanishildi.

Taʼkidlash joizki, ishlab chiqarishga xorijiy investitsiyalarni jalb etishning ijobiy tomonlari koʻp. Masalan, yangidan-yangi texnologiyalar qoʻllaniladigan mazkur jarayonda mahsulotlar turi va hajmi ortadi, oʻzaro hamkorlik tufayli mamlakatning eksport salohiyati tobora yuksalib boradi. Muhimi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Faoliyati boshlanganiga bir necha oy boʻlgan “RuNamtex” MCHJ xorijiy korxonasi hozirning oʻzida 100 nafarga yaqin xotin-qizlarni ish bilan taʼminladi. Istiqbolda ular soni yana shunchaga koʻpayishi koʻzda tutilgan.

Ayni paytda 6 xil oʻlchamda zamonaviy toʻshak yopqichlari, 3 oʻlchamda sochiq va 8 turda “futbolka”lar ishlab chiqarilayotgan mazkur korxonada Xitoydan keltirilgan yuqori samarali dastgohlar oʻrnatilgan. Mahsulotlarning barchasi esa eksportga chiqarilmoqda.

Senat Raisi mazkur korxonada faoliyat yuritayotganlarning ish jaaryoni, yaratilgan sharoit va turmush tarzi bilan qiziqdi hamda suhbat qurdi.

Toʻraqoʻrgʻon tuman, “Oqtosh” MFYda joylashgan “Oqtosh tekstil” MCHJ – Senat Raisining navbatdagi tashrif manzili boʻldi.

“Oqtosh tekstil” MCHJ tomonidan sochiq toʻqish va tikuv sexni va korxonaning 2-bosqich loyihasi hamda qurilish jarayoni va uskuna sotib olish uchun 4,5 mln. AQSH dollari kredit mablagʻlari ajratish masalasi koʻrib chiqildi.

Oʻz faoliyatini 2013-yilda boshlagan ushbu muassasada hozirda 400 nafar kishi mehnat qiladi. Mahsulotlar 100 foiz eksportga yoʻnaltirilgan. Shu jumladan, joriy yilning oʻtgan 9 oyida 4,5 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Eksportlar asosan Rossiya, Polsha, Ukraina davlatlariga amalga oshiriladi. Ushbu yangi loyiha roʻyobga chiqarilishi natijasida qoʻshimcha 1200 ta yangi ish oʻrni yaratilishi nazarda tutilgan.

Uskuna sotib olish uchun 4,5 mln. AQSH dollari kredit mablagʻlari ajratish masalasi qoʻyilgan. Senat Raisi ushbu muammoni oʻrganib chiqib, hal etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga koʻrsatma berdi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?