Senat Raisi Andijon viloyatida xalq deputatlari Boʻston tuman Kengashi deputatlari bilan uchrashdi

19:30 03 Oktyabr 2020 Siyosat
203 0

Kecha, 2-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida xalq deputatlari Boʻston tuman Kengashi deputatlari va hudud faollari bilan uchrashdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, tuman aholisi 71,8 ming kishini, qolaversa, jami oilalar soni 18,6 ming, shundan kambagʻal oilalar soni 1283 tani tashkil etadi.

Vazirlar Mahkamasining “Andijon viloyatining Boʻston tumanini 2020-2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror doirasida tumanda 2020-2022-yillarda qiymati 432,1 mlrd. soʻmdan ortiq boʻlgan 20 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 1 ming 423 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. 870 oʻrinli 7 ta bogʻcha, 3 ming 52 oʻrinli 7 ta maktab, 6 ta sogʻliqni saqlash muassasasi rekonstruksiya qilinadi va mukammal taʼmirdan chiqariladi.

Shu bilan birga, 1 ta sport obyekti hamda 14 ta boshqa turdagi obyektlar quriladi va rekonstruksiya qilinadi, 130 km ichki va davlat ahamiyatiga ega yoʻllar taʼmirlanadi. 2 ming 300 ta aholi xonadonlarida tabiiy gaz taʼminotini yaxshilash, yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmining hisob-kitobini toʻgʻri yuritish maqsadida har bir xonadonga zamonaviy, elektron gaz hisoblash uskunalari oʻrnatiladi. Mavjud 195 ta gaz taqsimlash qurilmalari tartibga keltiriladi.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan jami 153,6 mlrd. soʻm ajratiladi.

Oliy Majlis yuqori palatasi Raisi bu kabi saʼy-harakatlar zamirida, avvalo, inson manfaati yotgani, amalga oshiriladigan ishlarda deputatlik nazorati olib borilishi toʻgʻrisida soʻz yuritdi.

– Albatta, mazkur ishlarning barchasi Boʻston tumani aholisining turmush darajasini yaxshilash, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida qilinmoqda, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Shunday ekan deputatlar ushbu jarayonda faol ishtirok etib, tashabbuskor boʻlishi kerak. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan chora-tadbirlarni nazoratga olishi hamda muhokama qilib borishi maqsadga muvofiq. Bu borada taʼsirchan deputatlik nazorati gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻz navbatida har oyda bir marta qaror ijrosini xalq deputatlari mahalliy Kengash sessiyasida koʻrib chiqish, tegishli soha rahbarlarining hisobotlarini eshitish lozim.

Shuningdek, uchrashuvda xalq deputatlari Boʻston tuman Kengashi deputatlari tomonidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?