Savol koʻndalang qoʻyiladi: Hokimiyat “daxlsiz obyekt”mi?

09:59 02 May 2019 Jamiyat
1057 0

[...] Aholi bilan doimiy muloqot qilish, uning qonuniy talablari, soʻrov va takliflarini amalga oshirish uchun aniq choralar koʻrishni men oʻzim uchun eng muhim va ustuvor vazifa, deb hisoblayman.

Shavkat Mirziyoyev. (2016 yil 14 dekabr)

Bugun, galdagi ish rejalarimga koʻra, Pastdargʻom tuman hokimiyatiga bordim. Hokimlikning muhtasham binosiga kirish darvozasi zamonaviy qulf bilan yopib qoʻyilibdi. Yaxshiyam, “Tuman hokimi qabulxonasi” degan koʻrsatkich belgiga koʻzim tushib qoldi. (Boʻlmasa rosa xunob boʻlarkanman.) Chor-atrofi qariyb 4-5 metr keladigan panjaralar boʻylab, maxsus turniketli xonaga yaqinlashdim. Toʻrt-besh ayol hamda yosh goʻdaklarning gʻamgin nigohi eʼtiborimni tortdi.

- Ha, opalar, nima muammolaringiz bor dedim, atrofga koʻz tashlab. Javob boʻlmagach, xonaga kirdim. Ikki nafar ichki ishlar xodimi turniket oldida yoʻlimni toʻsdi.

- Hujjatingiz. Nima masalada keldingiz?

- Muxbirman. Men tuman xokimligi rasmiylari bilan uchrashishim kerak. Bir ikki masalalarda savollarim bor.

- Aynan kim? Xokim boʻlsa, u kishi yoʻq!

- Mana hujjatim. Daftaringizga qayd qiling va meni ichkariga kiriting!

- Hozir, bir mutaxassis oldingizga tushadi...

Hayron qoldim, hatto viloyat hokimligi binosiga ham hujjatingizni koʻrsatib, bemalol kiraverasiz...

Tashqaridagi ayollarga yuzlandim.

- Opalar, men muxbirman. Balki, sizlarga yordamim tegib qolar.

- Bizning dardimiz ogʻir aka, deydi shu tumanning Goʻzalkent mahallasidagi 4-uyda istiqomat qiluvchi Zulxumor Choʻliyeva va Shahlo Shodiyeva.

– Tuman hokimi Shunqor Farmonovich yashayotgan uyimizni “avariyniy” deya, bizni koʻchaga haydayapti. Imkoni borlar chiqib ketdi. 20 ta xoʻjalik yashaydi. “Qayerda yashaylik” desak, “Bilmayman, kvartirada turinglar” deyapti. Biz mana bu goʻdaklarimiz bilan zorlanib qayerga boramiz... Kvartiraga pulni qayerdan topamiz. Oʻzim kasalman, turmush oʻrtogʻim Xurshid Bozorov yollanma mardikorchilik bilan shugʻullanadi, deya qoʻshimcha qiladi Zulxumor Choʻliyeva. Oʻzi zoʻrgʻa kun kechirsak...

...“Fuqarolar qabulxonasi”. Oqqushdek bino. Ichkarida Mazmuna Markayeva ismli mutaxassis.

– Siz fuqarolar kirib-chiqishini nazorat qilarkansiz, shundaymi?

– Shunday, bu tartibni hokimimiz Shunqor Farmonovich joriy qilgan. Biz oddiy ijrochimiz xolos...

Maqola sarlavhasini menga Pastdargʻom tuman hokimligi tashkiliy nazorat guruhi rahbari Obid Oblaqulov topib berdi. Nega deysizmi? Chunki, hokimiyat “rejimnыy obyekt” ekan. Savolga tutaman: - Kechirasizu birinchi marta eshitishim hokimiyat “rejimnыy obyekt” ekanligini?

- Shunaqa aka, istagan odam kirib chiqaveradigan joy emas, bu idora.

– Masalan, kecha biri “maxsus” idoradanman deya, hujjat koʻrsatib kirib ketibdi. Keyin aniqlasak, bu odam, bu “joy”da ishlamas ekan...

Qotib qoldim. Ikki koʻzim, tinmay goh togʻdan, goh bogʻdan kelayotgan tuman hokimining tashkiliy nazorat boʻlimi rahbarining alaq-jalaq gaplarida edi...

Savol tugʻiladi: Tuman xokimi, tumandagi birinchi rasmiy shaxs boʻlsa, qolaversa, birinchi sektor rahbari. Bu ham yetmagandek, hokimiyat binosini baland panjaralar bilan ihotalab olgan boʻlsa? Odamlar kimga arzu dodini aytsin? Mutasaddilar bu holatga nima derkan?

Umid SORIYEV, ”Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?